Buloqboshi jamoasi g‘olib bo‘ldi
Andijon viloyati Paxtaobod tumanida "Siz qonunni bilasizmi?" mavzusida “Zakovat” intellektual tanlovi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 30 yilligi hamda ijtimoiy fanlar oyligi doirasida Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan intellektual o‘yinda umumta’lim maktablarining ijtimoiy fanlar o‘qituvchilaridan tuzilgan 16 ta tuman va shahar jamoasi ishtirok etdi.

Qizg‘in bahslar ostida o‘tgan tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, birinchi o‘rinni eng yuqori ball jamg‘argan Buloqboshi tumani jamoasi egalladi. Ikkinchi o‘rin Andijon va Asaka tumanlari, 3-o‘rin esa Paxtaobod, Shahrihon tumanlari hamda Xonobod shahri jamoalariga nasib etdi.

Tanlovning g‘olib va sovrindorlari viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan faxriy yorliq va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat),
O‘zA