BULLING yoxud maktabdagi zo‘ravonlik (+video)
Bolaligimizni eslarkanmiz, har birimiz do‘stlar yoki sinfdoshlar orasida hazilomuz bo‘lsada kamsitishlar "qurboni" yoki bevosita ishtirokchisiga aylanganimizni xotirlaymiz. Ammo biz uchun beozorgina bo‘lib tuyulgan kamsitishlar, to‘g‘ridan-to‘g‘ri inson taqdiriga ta’sir qilishi mumkinligi haqida o‘ylab ham ko‘rmaymiz.
Dunyo bo‘ylab 13–15 yoshdagi o‘quvchilarning taxminan 50 foizi maktabda va uning atrofida tengdoshlarining zo‘ravonligiga duchor bo‘lganliklarini aytishadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya davlatining o‘zida 11 yoshdagi 44% bola va 15 yoshdagi 27% bola kamsitilish ob’ektiga aylanadi. 42% o‘quvchilar o‘zlari bulling bilan shug‘ullanganini tan olsa, ulardan 20% i buni muntazam bajarganini aytadi. Boshlang‘ich maktabda katta sinf bolalari kichik sinf tarbiyalanuvchilarini haqorat qiladi, kamsitadi. Ba’zida turli narsalarini olib qo‘yadi. 11-15 yoshli bolalar orasida g‘iybat, hazilomuz kamsitishlar, yakkalash ko‘p uchraydi. Bu kabi hujumlarga uchragan bolalar yolg‘izlik, ilojsizlik, dard hissini tuyadi. Lekin biz bulling nima ekanligini bilamizmi?
Ortiqcha vazn, millat, tashqi ko‘rinish, kamchiliklar va ba’zi nuqsonlar – bu ta’qib va tahqirlashlar uchun bahonadir. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, hamma ham tahqirlashlarga chiday olmaydi va o‘z joniga qasd qilish hollari kuzatiladi. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, boshlang‘ich nuqta har doim oila hisoblanadi. Maktabda bulling qurbonlarining asosiy qismi uyda ota-onalar tomonidan qattiq tanqid qilinadi. Ota-onalari ta’lim-tarbiya masalalarida umumiy fikrga kelmagan va bevosita qarama-qarshi usullardan foydalangan bolalar ham aziyat chekadilar. Mutaxassislar yana bir, genetik qonuniyat topdilar. Ko‘pincha maktab yillarida sinfdoshlariga do‘q-po‘pisa qilgan otalarning farzandlari ham tengdoshlariga nisbatan tajovuzkorlik ko‘rsatadi.
Kim qurbonga aylanadi?
Har qanday o‘quvchi, o‘zini “g‘alati tutadigan” yoki noodatiy kiyinadigan, qarshilik ko‘rsatolmaydigan, kuchli hayajonlanadigan bolalar. Ko‘pincha bulling qurboni sinfdagi boshqa tengdoshlaridan ajralib turadigan bola bo‘ladi. Gohida ustozlar ham beixtiyor bulling sababchisi bo‘lib qoladi. Ya’ni ma’lum bir o‘quvchisini hammaning oldida kamsitib, ular bullingchilarga sharoit yaratib beradi.
Bolangiz bullermi yoki buller emas?
Xudbinlik, har jabhada eng sarasini olish va buning uchun xijolat tortmaslik kabi xislatlar zo‘ravonlik xususiyatini keltirib chiqarishi mumkin. Ba’zida buller bolalarning ota-onasi ham juda xudbin odamlar bo‘lib chiqadi. Olimlarning aytishicha, bullerning 50% i oilasida kamsitilish qurboni bo‘lib yashaydi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/wGpKgehMakc" title="BULLING yoxud maktabdagi zo‘ravonlik" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Shu o‘rinda maktabdagi sog‘lom muhitni saqlash o‘z-o‘zidan maktab psixologi gardaniga ham yuklatilganligini ta’kidlab o‘tishimiz zarur.
Ma’lumki, bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qiluvchi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan. Taklif etilayotgan hujjatga ko‘ra, loyihani qabul qilinishi bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ularni hurmat qilishning huquqiy asoslarini takomillashtirish, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlariga murosasiz munosabatda bo‘lish va zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan javobgarlikning muqarrarligini ta’minlashga xizmat qilishi nazarda tutilmoqda.
Bizni kuzatishda davom eting, ushbu qonun loyihasiga yana alohida qaytib, loyiha mas’ullar ishtirokida batafsil yoritishni niyat qilganmiz. Bolalar zo‘ravonligiga davlat miqyosida qonuniy e’tibor qaratilayotganining o‘zi juda katta ahamiyatga ega. Zero farzandlarimiz taqdiri bu bizning ertamiz, kelajagimizdir.
M.Turdaliyeva, I.Ismatov O‘zA