Bugungi nazorat — ertangi hosil garovi
Jizzax viloyatining Zafarobod tumanida sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Tumandagi Hamid Olimjon nomidagi fermer xo‘jaliklari hududiy uyushmasida Sirdaryo–Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi Meliorativ ekspeditsiya tashabbusi bilan tadbir tashkil etildi. Unda yer unumdorligi, sizot suvlari sathi, tuproq sho‘rlanishi, kollektor-drenaj tarmoqlarining sozligi hamda mashina-mexanizmlardan oqilona foydalanish kabi o‘zaro bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Zero, yerga munosabat nafaqat bugungi hosil taqdiri, balki ertangi avlod rizqi va qishloq xo‘jaligining barqaror kelajagini belgilaydigan muhim omildir. Ayniqsa, suv tanqisligi va iqlim o‘zgarishi tobora kuchayib borayotgan bir sharoitda sug‘oriladigan maydonlarning meliorativ holatini nazorat qilish strategik ahamiyat kasb etmoqda.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, qurg‘oqchil va yarim qurg‘oqchil hududlarda tuproq sho‘rlanishi hamda sizot suvlari sathining ko‘tarilishi qishloq xo‘jaligi yerlari unumdorligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Drenaj tizimlarining samarali ishlashi esa ortiqcha namlik va tuzlarni ildiz qatlamidan chiqarib, yer mahsuldorligini saqlashda muhim vositalardan biri sanaladi.
Tadbir ishtirokchilari “Tukursoy kollektorlar tizimini ta’mirlash-tiklash” loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Xususan, kollektor-drenaj tarmoqlarini ta’mirlash va tiklash jarayoni ko‘zdan kechirilib, ularning hududdagi sug‘oriladigan yerlar meliorativ holatini barqaror saqlashdagi o‘rni xususida fikr almashildi.
Mutaxassislar sizot suvlari sathini muntazam kuzatib borishning ahamiyatini tushuntirdi. Zero, muammoni oqibati yuzaga kelgach bartaraf etishdan ko‘ra, uni dastlabki bosqichda aniqlab, oldini olish choralarini ko‘rish ancha samaraliroqdir. Shu ma’noda, kuzatuv quduqlari va muntazam monitoring tizimi yerning “salomatligi”ni nazorat qiluvchi muhim vosita vazifasini o‘taydi.

O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatimizda sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini barqaror saqlash uchun yirik kollektor-drenaj infratuzilmasi xizmat qilmoqda. Uni doimiy soz holda saqlash, samarali ishlatish va zamonaviy talablar asosida takomillashtirish ustuvor vazifalardan biri etib belgilangan.
Seminarda mashina-mexanizmlardan unumli foydalanish, ularni mavsumiy ishlarga puxta tayyorlash, texnik holatini nazorat qilish, yoqilg‘i-moylash materiallarini tejab ishlatish bo‘yicha ham amaliy tavsiyalar berildi. Bu meliorativ tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish barobarida xarajatlarni maqbullashtirishga ham xizmat qiladi.
Bugun bir tuman misolida muhokama qilingan masala aslida hududiy doira bilan cheklanmaydi. Yer sho‘rlanishi, suv tanqisligi, sizot suvlari sathining o‘zgarishi va drenaj tizimlarining barqarorligi dunyoning ko‘plab qishloq xo‘jaligi hududlari uchun umumiy muammodir. Shu bois Zafaroboddagi kabi amaliy yondashuvlarni kengaytirish, ilg‘or tajribani ommalashtirish va meliorativ holatni ilmiy asosda monitoring qilish nafaqat mamlakatimiz, balki mintaqaviy va xalqaro miqyosda ham dolzarb ahamiyatga ega.

Eng muhimi, melioratsiya – yerni shunchaki asrash emas, balki uning ertangi hosildorligini ta’minlashdir. Bugun kollektorni tozalash, sizot suvini kuzatish, sho‘rlanishni aniqlash va texnikani sozlashga sarflangan har bir sa’y-harakat ertaga mo‘l hosil, tejalgan suv va saqlab qolingan unumdor tuproq bo‘lib qaytishini unutmaslik lozim.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri