Bugun “Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi” g‘olib va sovrindorlari taqdirlanadi
Davlatimiz rahbarining joriy yil fevral oyida yoshlar bilan muloqoti davomida olimpiya sport turlari bo‘yicha talaba-yoshlar orasida musobaqalar tizimini yo‘lga qo‘yish asnosida ta’lim muassasalarida ommaviy sport harakatini yangi bosqichga olib chiqish lozimligi ta’kidlangan edi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil fevral oyida yoshlar bilan muloqoti davomida olimpiya sport turlari bo‘yicha talaba-yoshlar orasida musobaqalar tizimini yo‘lga qo‘yish asnosida ta’lim muassasalarida ommaviy sport harakatini yangi bosqichga olib chiqish lozimligi ta’kidlangan edi.
Yurtimizda ommaviy sport rivoji qatorida professional sportchi- talabalarni saralash tizimini takomillashtirishga qaratilgan ushbu sa’y-harakatlar natijasida mamlakatimizdagi 168 ta oliy ta’lim muassasasida tahsil olayotgan 160 ming nafarga yaqin talaba-yoshlar mazkur o‘ziga xos musobaqalar bilan qamrab olindi.

Shu yilning 6-20-aprel kunlari oliy ta’lim muassasasida kafedra va fakultetlararo o‘tgan 1-bosqich musobaqalari hamda 1-15-may kunlari hududiy oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida tashkil etilgan 2-bosqich bahslarida talaba-yoshlar 7 ta sport turi - basketbol 3x3, voleybol, gandbol, yengil atletika, stol tennisi, suzish va futbol turnirlarida respublika final bosqichiga chiqish yo‘lida kurash olib bordi. Bu, joylarda ommaviy sport harakati rivojiga salmoqli ta’sir ko‘rsatdi.

Ayni kunlarda poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi” va Chirchiqdagi O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti maydonlarida birinchi va ikkinchi bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tgan yoshlar “Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi” g‘olibligi uchun bahs olib bormoqda.
Bugun, 9-iyun kuni yurtimiz talabalar hayotida yangi sahifa ochgan olimpiada dasturidan o‘rin olgan gandbol, voleybol, basketbol, stol tennisi va suzish yo‘nalishlarida final musobaqalari bo‘lib o‘tadi.
“Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi” musobaqasining kecha o‘tkazilgan futbol bahslarida g‘olib va sovrindorlar aniqlandi.
Murosasiz va shiddatli kechgan final o‘yinida Jizzax davlat pedagogika universiteti jamoasi Qoraqalpoq davlat universiteti futbolchilarini 1:0 hisobida mag‘lub etib, musobaqaning oltin medallarini qo‘lga kiritdi. 3-o‘rin Termiz davlat universiteti jamoasiga nasib etdi.
Shuningdek, kecha O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida gandbol bo‘yicha qizlar jamoalari o‘rtasida kechgan yarim final bahslarida Namangan davlat universiteti Navoiy davlat universiteti jamoasini 35:30 ko‘rinishida dog‘da qoldirdi.
Endi Namangan davlat universiteti jamoasi qizlar o‘rtasidagi gandbol musobaqalarining final bosqichida Andijon davlat pedagogika universiteti jamoasiga qarshi maydonga tushadi.

Gandbol bo‘yicha yigitlar jamoalari o‘rtasidagi yarim final bahsida Andijon davlat pedagogika universiteti Farg‘ona davlat universiteti jamoasiga 23:40 holatida yutqazib qo‘ydi.
Bu, finalda Farg‘ona jamoasi Namangan davlat universiteti gandbolchilariga ro‘baro‘ kelishiga olib keldi.
Bugun “Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi”ning so‘nggi musobaqalar kuni. Hayajonlarga boy bahslar yakunida har bir yo‘nalishda g‘olib va sovrindorlikka erishgan jamoalar, umumiy ko‘rsatkichlar holatida yetakchilikni qo‘lga kiritganlar taqdirlanadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA