Bugun – Xalqaro sport jurnalistlari kuni
Dunyoda kasblar ko‘p.
Ular orasida jurnalistika alohida o‘rin tutadi. Bugun jahon axborot beshigini tebratib kelayotgan soha o‘z faoliyati davomida turli yo‘nalish va tarmoqlarga bo‘linadiki, uning har biri hayotning muayyan tizimlarini qamrab oladi. Lekin ular orasida sport jurnalistikasi ko‘lami, qamrovi jihatdan boshqa yo‘nalishlardan alohida ajralib turadi.
Bugun xalqaro sport jurnalistlari kuni. Bugun dunyoda ushbu yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatayotgan millionlab soha xodimlari kasb bayramini nishonlamoqda.
Xususan, O‘zbekistonda ham sportchilarimizning xalqaro va ichki musobaqalardagi natijalarini keng jamoatchilikka yetkazib kelayotgan, O‘zbekiston sportining yutuq va muammolari, uning jamiyat taraqqiyoti yo‘lidagi harakatlarini tahlil etib, zarur xulosa va takliflarni ilgari surayotgan yuzlab jurnalistlar sohaning turli tarmoqlarida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
1994-1997 yillari yurtimizda barmoq bilan sanarli darajada kam sonli sport jurnalistlari bor edi. Ularni keng jamoatchilik nomma-nom bilar edi. 1997-2002 yillar orasida sohaga davlatimiz tomonidan alohida e’tibor berila boshlangach sport jurnalistlari soni 10-15 baravarga oshib ketdi. bugungi kunda sport jurnalistikasining turli yo‘nalishlarida yuzlab mutaxassislar ishlashmoqda.
Birgina futbol yo‘nalishini yoritib kelayotgan o‘zbek jurnalistlari son jihatdan emas, sifat ko‘rsatkichida ham katta marralarga erishmoqda. Bunga yurtimizdan Alisher Nikimbayev, Avaz Berdiqulov, San’at Sharipov kabi yetishib chiqqan bir qator malakali sport jurnalistlarining xalqaro miqyosda, jumladan Osiyo futbol konfederatsiyasi tizimlarida samarali ishlayotganida ham ko‘rsak bo‘ladi.
Shuningdek, yuzlab sport jurnalistlarimiz dunyoning turli mamlakatlarida o‘tayotgan chempionatlarda, xalqaro turnirlarda, olimpiya va qit’a o‘yinlarida O‘zbekiston sport jurnalisti sifatida ishtirok etib, xalqaro sport jurnalistikasida o‘z kasbiy mahoratini namoyish etmoqda.
Bugun mamlakatimizda sport jurnalistlarini tayyorlash borasida ham izchil ishlar olib borilmoqda. Xususan, bir qator oliy ta’lim muassasalarida, nodavlat yo‘nalishlarida sport jurnalistlarini tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yildi. Ularda yuzlab yoshlar sport jurnalistikasining sir-sinoatlaridan saboq olmoqdaki, bu kelgusida sohani malakali kadrlar bilan ta’minlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, o‘tgan 4-5 yil oralig‘ida O‘zbekistonda sport sohasiga doir bir qator axborot tarmoqlari, internet nashrlari, telekanallar, maxsus bloklar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Yangi O‘zbekiston tamoyili, yurtimizda ochiqlik, mavjud vaziyatlarga xolis baho berish siyosati ustuvorlik kasb etayotgan jarayonda sport jurnalistlari safiga sport bloggerlari ham qo‘shilganligi, soha taraqqiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Shu bilan birga O‘zbekiston sport jurnalistikasida yechimini kutayotgan muammolar, uning samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun zarur bo‘lgan vositalarning yetishmasligi ham bor haqiqatki, yangilanayotgan O‘zbekiston taraqqiyoti yo‘lida olib borilayotgan islohotlar shamoli sport jurnalistikasi yuziga ham yengil epkinlarni yo‘llasa ajab emas.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA