Bugun tug‘ilgan kun — Quvondiq Sanaqulov
«Navoiy kon-metallurgiya kombinati» AJ Boshqaruv raisi – Bosh direktori Quvondiq Sanaqulov 1957 yil 12 iyun kuni Samarqand viloyati Payariq tumanida tug‘ilgan.
U 1979 yilda Toshkent politexnika institutini tamomlab, o‘tgan yillarda qator mas’ul lavozimlarda ishlagan. Xususan, «O‘zbekoltin» ishlab chiqarish birlashmasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida turli lavozimlarda xizmat qilgan. Jizzax viloyati G‘allaorol tumani hokimi, «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» aksiyadorlik jamiyati ishlab chiqarish direktori, Bosh direktori – Boshqaruv raisi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.
Quvondiq Sanaqulov 2008 yildan hozirgacha «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» AJ Boshqaruv raisi – Bosh direktori lavozimida ishlab kelmoqda.
Quvondiq Sanaqulov «Do‘stlik» va «Fidokorona xizmatlari uchun» ordenlari, «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sanoat xodimi» faxriy unvoni, «O‘zbekiston Qahramoni» unvoni bilan taqdirlangan.
U O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining a’zosi. Texnika fanlari doktori, professor. 2022 yilda «Texnologik va ishlanishi murakkab bo‘lgan oltin tarkibli ma’danlarni qayta ishlash va o‘zlashtirishning kompleks texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy etish» bo‘yicha hammualliflikdagi ishlanmasi uchun fan va texnika sohasida birinchi darajali Davlat mukofoti bilan taqdirlangan.
PS: Saytimizda tashkil etilgan “Bugun tug‘ilgan kun” loyihasida turli sohalarda mamlakatimiz ravnaqiga o‘z hissasini qo‘shgan va qo‘shayotgan insonlar, davlat hamda jamoat arboblari, akademiklar, el sevgan ijodkorlar hamda kasbi, tanlagan yo‘lida yuqori natijalarga erishayotgan vatandoshlarimizning tug‘ilgan kunlari esga olinadi.
Mazkur ruknga oid fikr-mulohazalaringiz, taklif yoki qo‘shimchalaringiz bo‘lsa, quyidagi manzillarga murojaat qilishingiz mumkin.
Telegram: @UzA_pochta, @U_Qurbonov
E-mail: pochta@uza.uz, uzauz@yandex.ru
O‘zA