Bugun tug‘ilgan kun – Muslihiddin Muhiddinov
Filologiya fanlari doktori, Samarqand davlat universiteti professori, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Muslihiddin Muhiddinov 1945 yil 5 mayda Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan.
Muslihiddin Muhiddinov 1967 yili Qarshi davlat pedagogika institutining O‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan. Shundan so‘ng bir yil Samarqand davlat pedagogika instituti O‘zbek adabiyoti kafedrasida ishladi. 1968 ‒ 1971 yillari Toshkent davlat universiteti O‘zbek filologiyasi fakultetining kunduzgi aspiranturasida ta’lim oldi.
1971 ‒ 1983 yillari Samarqand davlat pedagogika instituti O‘zbek adabiyoti kafedrasiga ishga qaytib, o‘qituvchi, katta o‘qituvchi, dotsent, kafedra mudiri vazifasini bajaruvchi bo‘lib mehnat qildi. 1983 ‒ 1985 yillari shu Institut o‘quv-tarbiyaviy ishlar bo‘yicha prorektori, sirtqi va kechki bo‘lim prorektori bo‘ldi. 1985 ‒ 1992 yillari mazkur oliy ta’lim muassasasining O‘zbek adabiyoti kafedrasi dotsenti, professor vazifasini bajaruvchi lavozimlarida ishladi. 1992 ‒ 1998 yillari Samarqand davlat universiteti O‘zbek mumtoz adabiyoti kafedrasi professori, 1998 ‒ 2011 yillari shu Universiteti ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha prorektori, bir muddat rektori vazifasini bajaruvchi bo‘ldi. 2011 ‒ 2015 yillari shu ta’lim muassasasi O‘zbek adabiyoti tarixi, 2015 ‒ 2017 yillari O‘zbek tili va adabiyoti, 2017 yildan esa Mumtoz adabiyot tarixi kafedrasi professori bo‘lib ishlayapti.
“O‘zbek klassik adabiyotida “Bahrom va Dilorom” hamda “Bahrom va Gulandom” siklidagi dostonlar (“O‘zbek klassik adabiyotida “Bahrom Go‘r” syujetining evolyutsiyasi”) mavzusida nomzodlik (1972 yil, ilmiy rahbar ‒ O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi G‘ulom Karimov), “Alisher Navoiy va uning salaflari ijodida inson konsepsiyasi (“Xamsa"larning birinchi dostonlari asosida)” mavzusida doktorlik (1995 yil, ilmiy maslahatchi ‒ akademik Botirxon Valixo‘jayev) dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qilgan.
Uzoq yillar “Samarqand universiteti” gazetasiga muharrirlik qildi, SamDU qoshidagi nomzodlik dissertatsiyalari himoya etiladigan ixtisoslashgan kengashning avval ilmiy kotibi, keyinchalik raisi sifatida faoliyat ko‘rsatdi. 2017 yildan buyon SamDU huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.27.06.2017. Fil.02.03 raqamli ilmiy kengash raisi.
Qator monografiya, o‘quv-uslubiy qo‘llanma, ilmiy-nazariy maqolalari e’lon qilgan. Ko‘plab ilmiy va ilmiy-ommabop nashrlarga mas’ul muharrirlik qilgan yoki taqrizchi bo‘lgan. Ko‘plab shogirdlar yetishtirgan.
Muslihiddin Muhiddinov "El-yurt hurmati" ordeni sohibi.
***
PS: Saytimizda tashkil etilgan “Bugun tug‘ilgan kun” loyihasida turli sohalarda mamlakatimiz ravnaqiga o‘z hissasini qo‘shgan, qo‘shayotgan insonlar, davlat va jamoat arboblari, akademiklar, el sevgan ijodkorlar hamda kasbi, tanlagan yo‘lida yuqori natijalarga erishayotgan vatandoshlarimizning tug‘ilgan kunlari esga olinadi.
Mazkur ruknga oid fikr-mulohazalaringiz, taklif yoki qo‘shimchalaringiz bo‘lsa, quyidagi manzillarga murojaat qilishingiz mumkin.
Telegram: @UzA_pochta, @Ikrom_Avvalboyev
E-mail: pochta@uza.uz, uzauz@yandex.ru
Telefon: 71) 233-42-84, (71) 233-21-37
Saytimizni kuzatib boring!