Bugun Superliganing 13-tur bahslari davom ettiriladi
22-iyul kuni bo‘lib o‘tadigan uchrashuvlar bilan tanishing:
Bugun O‘zbekiston Superligasining 13-turidan o‘rin olgan 3ta bellashuv bo‘lib o‘tadi.
22-iyul kuni bo‘lib o‘tadigan uchrashuvlar bilan tanishing:
"Mash’al" - "Nasaf"
Superliga autsayderi bo‘lib turgan Muborakning "Mash’al" klubi o‘z maydonida Qarshining "Nasaf" jamoasini mehmon qiladi. Joriy mavsumdagi ilk ochkosini "Qo‘qon-1912"ga qarshi bahsda qo‘lga kiritgan muborakliklarni bu turda jiddiy raqib kutib turibdi. "Ajdarlar" bu uchrashuvga "Bunyodkor"ni Toshkentda mag‘lub etgan holda yetib keldi. Turnir jadvaliga nazar tashlaydigan bo‘lsak, "Nasaf" 12 uchrashuvdan so‘ng 16 ochko jamg‘argan holda, 8-o‘rinni egallab turibdi. "Yo‘lbarslar" esa atiga 3 ochkoga ega va jadvalning eng so‘nggi o‘rinni band etgan.
Ushbu uchrashuv soat 20:00da start oladi.
.

"Lokomotiv" - "Andijon"
Turnir jadvalida yonma-yon kelayotgan "Lokomotiv" va "Andijon" jamoalari 13-turda o‘zaro bahs olib boradi. Ushbu bellashuvga "temiryo‘lchilar" muhim ochkoni qo‘lga kiritgan holda yetib keldi. Ya’ni o‘tgan turda ular Toshkentda "Paxtakor" mehmoni bo‘lib, 1:1 hisobida durang o‘ynadi. "Burgutlar" esa alamli tarzda o‘z uylarida "Surxon"ga yengildi 1:2. Bu "Andijon"ning Islom Ahmedov boshqaruvidagi ilk mag‘lubiyati bo‘ldi. Musobaqa jadvalida "Lokomotiv" 12ta bahsdan so‘ng 18 ochko to‘plagan holda, 7-o‘rinni, "Andijon" esa 16 ochko bilan 9-o‘rinni band etgan.
Bellashuv "Lokomotiv" stadionida 20:00da boshlanadi.

"Qo‘qon-1912" - OKMK
O‘tgan turda "Navbahor"ni kambek amalga oshirib mag‘lub etgan Olmaliqning OKMK jamoasi endi Qo‘qonga safar qiladi. Superliganing autsayderlaridan biri bo‘lib turgan "Qo‘qon-1912" o‘tgan turda "Mash’al"dan mag‘lub bo‘lgan edi. Ushbu bahsda esa g‘alaba uchun jiddiy kurash olib borishi tabiiy. Turnir jadvalida "konchilar"19 ochko bilan 6-o‘rinni egallab turgan bo‘lsa, "Qo‘qon-1912" 11 ochko bilan 15-pog‘onadan joy olgan.
Uchrashuv "Qo‘qon markaziy stadioni"da 20:00da start oladi.
