Bugun – Qurilish sohasi xodimlari kuni
Bu sana nafaqat bunyodkorlik, balki har bir qurilayotgan uy-joy va inshootning inson hayoti uchun qanchalik xavfsiz bo‘lishi haqida ham o‘ylashga undaydi.
O‘zbekiston seysmik faol hududda joylashgani bois qurilishda zilzilabardoshlik masalasi alohida ahamiyatga ega. Shu maqsadda mamlakatimizda seysmologiya, zilzila muhandisligi va qurilish sifatini nazorat qilish yo‘nalishlarida tizimli ishlar olib borilmoqda. 2026-yilda Toshkentda Osiyo seysmologik komissiyasining XVI Bosh Assambleyasi o‘tkazilgani ham sohadagi ilmiy tadqiqotlarning ahamiyati yuqori ekanini ko‘rsatadi.
Bugun qurilish ob’ektlarida laboratoriya nazorati ham kuchaytirilmoqda. Masalan, Namangan viloyatida ko‘p qavatli uy-joy qurilishida temir-beton konstruksiyalari maxsus laboratoriyada sinovdan o‘tkazilib, ularning davlat standartlari va me’yoriy talablarga muvofiqligi tekshirilgan.
Toshkentda esa qurilayotgan ko‘p qavatli binolarning zilzilabardoshlik darajasi, qurilish-montaj ishlarining sifati va texnik holati maxsus nazorat tadbirlari orqali o‘rganilmoqda.
E’tiborli jihati, 2025-yilda Toshkentda qurilayotgan 9 qavatli turar joy binosi vibrodinamik uskuna yordamida sinovdan o‘tkazilgan. Sinov jarayonida bino konstruksiyalariga 8 balli zilzilaga teng tebranish ta’siri berilib, uning barqarorligi baholangan.
Bundan tashqari, qurilish-sinov laboratoriyalari zamonaviy uskunalar bilan jihozlanib, ayrim hududlarda ko‘chma laboratoriyalar ham ishlamoqda. Bunday laboratoriyalarda qurilish materiallarining mustahkamligi va me’yorlarga muvofiqligi ob’ektning o‘zida tekshirilayotgani qurilish sifatini tezkor nazorat qilish imkonini bermoqda.
Zero, yaxshi qurilish — faqat chiroyli bino emas. Eng muhimi, u insonga ishonch, xotirjamlik va xavfsiz hayot bag‘ishlashi kerak.
Nigora Rahmonova, O‘zA