Bugun Ozarbayjonda mustaqillik tiklangan kun
Mustaqillikni saqlab qolish uni qo‘lga kiritishdan ko‘ra qiyinroq ekanini tarix tasdiqlab turibdi. Har qanday sinovga tayyor bo‘lish, qiyinchilikni oqilona yo‘l bilan yengishni o‘rganish kerak. Hayot shunday rivojlandiki, Ozarbayjon bir asr ichida ikki marotaba suveren davlat maqomiga ega bo‘ldi. Afsuski, birinchi imkoniyat tashqi aralashuv, ichki qarama-qarshilik va umumiy siyosiy beqarorlik tufayli darhol boy berildi. 1918 yilda vujudga kelgan Ozarbayjon Demokratik Respublikasi atigi 23 oy yashadi. Ushbu voqeaga 70 yil o‘tgach, sovet imperiyasining parchalanishi Ozarbayjonga yo‘qotilgan mustaqillikni qayta tiklash imkonini berdi.
1991 yil 18 oktyabr kuni Ozarbayjon Respublikasi Oliy Kengashi sessiyasida “Ozarbayjonning davlat mustaqilligi to‘g‘risida” Konstitutsiyaviy akt qabul qilingan. Ushbu muhim tarixiy hujjat ortidan Ozarbayjon xalqi uzoq yil kutilgan g‘alabaga erishgan, deyish mumkin.
Bugun mamlakat mustaqilligi tiklanganining 31 yilligi keng nishonlamoqda. 2021 yilga qadar har yili ushbu sana Ozarbayjon davlat mustaqilligi kuni sifatida tantana qilib kelindi. O‘tgan yili istiqlolning 30 yilligi arafasida Milliy Majlis (parlament) tomonidan qabul qilingan qonun loyihasiga ko‘ra, Mustaqillik kuni har yili 28 may (sobiq Respublika kuni), 18 oktyabr esa Mustaqillik tiklanishi munosabati bilan “Xalqlar kuni” deb e’lon qilingan.
Musulmon Sharqining birinchi demokratik davlati hisoblangan Ozarbayjon Demokratik Respublikasi tashkil topishi 1918 yil 28 mayda Mammad Emin Rasulzoda raisligidagi Milliy kengash tomonidan e’lon qilingan. 1991 yil 30 avgustda o‘sha paytda parlament vazifasini bajargan Ozarbayjon Oliy Kengashi Mustaqillik Deklaratsiyasini qabul qiladi. 1991 yil sentyabr oyida Oliy Kengash o‘z majlislarida Ozarbayjonning SSSR tarkibidan chiqishini muhokama qiladi. Ikki yil o‘tgach, Qizil Armiya Ozarbayjonga kirdi. Shunday qilib, faqat 1991 yil 18 oktyabrda Ozarbayjon yana mustaqil davlat sifatida tarixiy maydonga chiqdi.
31 yil ilgari uzoq davom etgan bahs-munozaralardan so‘ng Davlat mustaqilligi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy akt qabul qilinishi bilan Ozarbayjon tarixida yangi davr boshlandi. Bu voqea jahon ommaviy axborot vositalarida “ozodlik uchun kurashda yuzlab o‘g‘il-qizlaridan ayrilgan Ozarbayjon o‘jarlik bilan yangi hayot sari qadam tashladi” deya e’tirof etiladi.
Ma’lum qilishlaricha, 1991 yil 29 dekabrda bo‘lib o‘tgan referendum byulletenida faqat bitta ibora – “Siz Ozarbayjonning davlat mustaqilligi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy akt tarafdorisizmi?” degan savol qo‘yilgan. Referendumda ovoz berish huquqiga ega bo‘lganlarning 95 foizdan ortig‘i ishtirok etib, mamlakat mustaqil bo‘lishini bir ovozdan maqullagan.
O‘shandan keyin respublika faoliyati nihoyatda og‘ir tarixiy vaziyatda boshlandi. Dastlab Ozarbayjon mustaqilligini Turkiya (1991 yil 9 noyabr), keyin Ruminiya (1991 yil 11 dekabr), Pokiston (1991 yil 13 dekabr), Shvetsiya (1991 yil 23 dekabr), Eron (1991 yil 25 dekabr), AQSH (23 yanvar) tan olgan. 1992 yil 10 aprelda esa Rossiya va boshqalar qabul qildi.
Davlatning siyosiy va iqtisodiy tayanchlari yildan-yilga mustahkamlanib bormoqda. Jumladan, iqtisodiyotni rivojlantirish, milliy madaniy qadriyatlarni asrab-avaylashga katta e’tibor qaratilyapti. Ozarbayjon ham siyosiy, ham iqtisodiy jihatdan bugungi kunda yuqori darajada rivojlangan davlatlardan biri hisoblanadi.
Mamlakat iqtisodiy o‘sish bo‘yicha nafaqat mintaqada, balki jahonda ham yetakchi. Mintaqadagi birorta ham yirik loyiha Ozarbayjon ishtirokisiz ko‘rib chiqilmaydi. “Asr shartnomasi” doirasida amalga oshirilgan Boku – Tbilisi – Jayhon neft quvuri Kaspiy neftini jahon bozoriga olib chiqqani alohida e’tirofga loyiq. Bu Janubiy Kavkazda tinchlik va xavfsizlikni saqlashga, xalq farovonligini yanada yuksaltirishga xizmat qildi.
1992 yil 2 mart kuni Ozarbayjon Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo bo‘ldi. Shu kundan boshlab uning jahon hamjamiyatida e’tirof etilishi qator davlatlar bilan ikki va ko‘p tomonlama hamkorligini tiklashga zamin yaratdi. Natijada mamlakat diplomatiyasiga qaytadan asos solindi. Ko‘rib turibsizki, Ozarbayjon Turkiy davlatlar tashkiloti kabi yirik tuzilmalarning ajralmas qismiga aylanib ulgurgan.
Siyosiy tuzilma bilan bog‘liq ma’lumotga to‘xtaladigan bo‘lsak, Ozarbayjon demokratik huquqiy dunyoviy unitar respublika. Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining bir qismi bo‘lgan Ozarbayjon davlat hokimiyati tizimi hokimiyatlarning qonun chiqaruvchi (Milliy Majlis – Milliy Assambleya), ijro etuvchi (Prezident) va sud (Ozarbayjon Respublikasi sudlari)ga bo‘linishi prinsipiga asoslanadi.
Mamlakat hududiy jihatdan 66 viloyat, 11 shahar va 1 avtonom respublika – Naxichevan Avtonom Respublikasiga bo‘lingan. Poytaxti 2.5 milliondan ziyod aholiga ega Boku shahri. Boku Kavkazdagi eng yirik shahar bo‘lishi bilan birga, Zakavkazning eng yirik iqtisodiy, sanoat, ilmiy va texnik markazi va Kaspiy dengizidagi eng yirik port.
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatni alohida e’tirof etish joiz. Diyorimizda ozarbayjon millatiga mansub 40 ming nafarga yaqin yurtdoshlarimiz istiqomat qilmoqda. 2003 yilda Ozarbayjon madaniyat markazlari uyushmasi tashkil etilgan. 2010 yilda Ozarbayjon elchixonasi qoshida Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazining yangi binosi ochilgan.
Biz bu xalq madaniyati, milliy bayramlarini iliq qarshi olamiz. Mamlakatimizda har yili, jumladan, Ozarbayjon milliy bayrami – Mustaqillik kuni keng nishonlanadi. Quvonarlisi, o‘zaro manfaatli munosabat jadal rivojlanmoqda. O‘zaro savdo hajmini oshirish, sanoatda yangi kooperatsiya loyihalarini yo‘lga qo‘yish, tranzit salohiyatidan samarali foydalanish va madaniy-gumanitar almashinuv dasturlarini ilgari surish maqsadida hamkorlikning institutsional mexanizmi faollashmoqda.
Ko‘p yillik tarixga ega birodar O‘zbekiston va Ozarbayjon do‘stligi madaniyat, urf-odat va an’analardagi yaqinlik, mushtaraklikka asoslangan.
Behruz Xudoyberdiyev tayyorladi.
O‘zA