Bugun “Freestyle Chess Grand Slam-2025” g‘olibi aniqlanadi
Bugun, 14 fevral kuni Germaniyada o‘tayotgan “Freestyle Chess Grand Slam-2025” turnirining hal qiluvchi bahslarida ishtirok etayotgan dunyoning eng kuchli shaxmatchilari qaysi o‘rinlardan joy olishi ma’lum bo‘ladi.
Kecha musobaqaning 1-2-o‘rinlari uchun o‘tkazilgan ilk bahsda germaniyalik Vinsent Keymer amerikalik Fabiano Karuana o‘rtasidagi dastlabki uchrashuvda qora donalarda harakatlangan Keymer g‘oliblikka erishdi.

3- o‘rin uchun kechayotgan o‘yinda Javohir Sindorov qora donalarda Magnus Karlsen bilan dastlabki bahsni o‘tkazdi. Turnirning saralash bosqichida Javohir nomdor raqibini mag‘lubiyatga uchratgandi. Biroq bronza yo‘lidagi bahsning ilk partiyasida Sindorov Magnusga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

5-o‘rin uchun Nodirbek Abdusattorov va amerikalik Xikaru Nakamura qarama-qarshiligidagi bahsda qora donalarda harakat qilgan Xikaruga omad kulib boqdi. 7-8-o‘rinlarga da’vogarlik qilayotgan Gukesh Dommaraju va Alireza Firuzja “dueli”ning ilk kurashida murosa yo‘li tanlandi.
Bugun shaxmatchilar o‘rtasida ikkinchi tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Aynan mazkur musobaqalar “Freestyle Chess Grand Slam-2025” turnirida 1-o‘ringa taqdim etiladigan 200 ming, 2-o‘ringa beriladigan 140 ming, 3-o‘rin egasi uchun mo‘ljallangan 100 ming, 4-o‘rin 60 ming, 5-o‘rin 50 ming, 6-o‘rin 40 ming, 7-o‘rin 30 ming, 8-o‘rin 20 ming AQSH dollari kimlarga tegishli ekanligi ma’lum bo‘ladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA