Bugun bozorlarimiz fayzi o‘zgacha! (+video)
Yurt mustaqilligi har doim xalqimiz tomonidan ko‘tarinki ruhda, shodu-xurramlikda keng nishonlanadi. Chekka hududlarda allaqachon xalq sayillari, shodiyonalar boshlab yuborilgan. Shu kunlarda poytaxtimiz ahli ham bayram tadorigida. Kimdir to‘kin dasturxon uchun, yana kimdir maktab bozori uchun shoshmoqda. Bozorlarimizda esa savdo avjida.
Aytish kerakki, o‘tgan davrda xalqimiz turmush darajasida o‘sish kuzatildi: har bir oilada ikki-uch avtomobil, jamiyatimizda uysizlar kamaydi, o‘rtacha ish haqi 5-6 million so‘mdan oshdi, dasturxonimiz to‘kis bo‘lmoqda, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish yildan yilga oshib boryapti, eksporti ko‘paydi. Lekin shu o‘rinda bozorlarimizda narxlarning ham keskin darajada o‘sishi kuzatilmadi. Bu ham bo‘lsa agrar tarmoqda to‘g‘ri siyosat yuritilgani, mehnat qilgan inson manfaat ko‘rayotgani, dehqonchiligimiz mo‘l-ko‘l bo‘layotganidan dalolat.
Ayni kunlarda bozorlarimizga qadam ranjida qilsangiz, sizni albatta o‘zgacha bir muhit qarshi oladi. Odamlar yuzlaridagi tabassum, milliy va zamonaviy qo‘shiqlar tarannumi, rastalardagi xilma-xil nozu-ne’matlar, sarxil meva-sabzavotlar, tilimi tilni yoruvchi poliz mahsulotlari. Muhimi arzonchilik kishi kayfiyatini tog‘dek ko‘taradi.
Davlatimiz rahbarining “Avval inson, keyin davlat va jamiyat” degan ezgu g‘oyasi o‘z tasdig‘ini topmoqda. Xususan, bozoru rastalarning to‘kinligi, avvalo, insonga berilayotgan e’tiborning namunasi deyish mumkin.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/QfIF0onMwW8" title="Bugun bozorlarimiz fayzi oʻzgacha!" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Aholini zarur turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash, bozorlarda narx-navo barqarorligini saqlash, oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojlarini to‘liq qoplash maqsadida Toshkent shahrida 12ta dehqon bozori va 1ta qishloq xo‘jalik mahsulotlari ulgurji bozorining har birida arzonlashtirilgan savdo yarmarkalarining doimiy faoliyati tashkil etilgan. Bayram kunlari esa hududlardan oziq-ovqat ortilgan karvonlar poytaxt aholisiga rizq ulashadi.
Masalan, “Aviasozlar dehqon bozori” AJga Buxoro viloyati biriktirilgan bo‘lib, poytaxtliklar uchun har kuni sarxil meva-sabzavotlar, go‘sht mahsulotlari peshma-pesh yetkazib berilmoqda.
Shu kunlarda bunday maskanlar bayram tadorigi bilan yurgan haridorlar bilan yanada gavjum. Zero, bozor ma’muriyati xaridor va sotuvchilarga bayram kayfiyatini ulashish maqsadida katta tayyorgarlik ko‘rdi.
Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining barqaror saqlab qolish maqsadida “Daladan - dasturxongacha” tamoyili asosida dehqon va fermer xo‘jaliklardan mahsulotlarni bozor rastalariga arzonlashtirilgan holda kirib kelishini ta’minlash, narxlarning sun’iy oshib ketmasligini oldini olish borasida muayyan ishlar olib bormoqda. Bu borada sotuvchilar o‘rtasida o‘tkazilayotgan tushuntirish va targ‘ibot ishlari ham yaxshi samara bermoqda.
Bundan tashqari bozor hududida jamoatchilik nazorati maskanlari tashkil etilgan bo‘lib, narxlarning oshib ketmasligida ularning ham hissasi qo‘shilayotir.
Sanjar Toshpo‘latov, Doniyor Yakubov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA