Bu yil ijodiy imtihonlar qoldirildi... mi?
Ijodiy imtihonlar qoldirilishi mumkin, lekin hali soʻnggi xulosa berilganicha yoʻq.
Ijodiy imtihonlar qoldirilishi mumkin, lekin hali soʻnggi xulosa berilganicha yoʻq. Bu haqida Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti prorektori Alisher Matyoqubov OʻzAga bergan intervyusida maʼlum qildi.
— Hozircha oʻzgarish yoʻq, lekin, bugungi jarayonni inobatga olgan holda bu masala ham koʻrib chiqildi va shunday xulosa ham qilindi. Biroq hali rasman eʼlon qilingani yoʻq. Bundan qoʻrqmaslik kerak. Oʻtgan yili bizda uchta blokdan imtihon topshirilgan edi. Yaʼni, ona-tili adabiyot, ikkinchi blok ijodiy va chet-tili edi. Agar ijodiy imtihon boʻlmasa ona-tili va chet-tilidan imtihon topshiriladi. Hozir pandemiya sharoitida ijodiy imtihonning tashkiliy jihati muammo tugʻdirayapti. Menimcha, bu yil ijodiy imtihonlar qoldiriladi, – dedi Alisher Matyoqubov.
— Ayrim yoʻnalishlarda, jumladan, jurnalistikada tanlov imkoniyati bitta yoki ikkita boʻlib qolayapti. Ijodiy imtihonlar boʻlmasa, test boʻlsa tanlov imkoniyati ortishi mumkinmi?
— Bizda oʻnta yoʻnalish boʻlsa, universitet ichida oʻtgan yili tanlash imkoniyati bor edi. Bu yili DTM har bir yoʻnalishni alohida blok deb qabul qildi. Shu sababli boshqa universitetlardan tanlash imkoni bor faqat universitet ichida yoʻq. Bu ham muammo tugʻdirdi abituriyentlarimiz uchun. Bu yil bir necha universitetlarda Jurnalistika yoʻnalishlari ochildi. Masalan, OʻzDJTU, OʻZMU, Sharqshunoslik instituti Samarqand Davlat chet tillari instituti va Vebster universitetlari kabilarni tanlashi mumkin boʻldi.
Media marketing va reklama yoʻnalishida faqat test boʻlardi. Bu yoʻnalish moliya iqtisod yoʻnalishida oʻqish imkonini ham beradi. Bu yoʻnalishda bu yil koʻp abituriyentlar roʻyxatdan oʻtgan.
Undan tashqari media dizayn yoʻnalishi bor edi. Abituriyentlar matematika va ijodiy imtihon topshirishardi. Ijodiyda esse emas, ular gazeta yoki saytni birinchi sahifasini yaratish topshirigʻi berilardi. Bu ham boʻlmaydi. Testga oʻzgartiriladi.