BRICS: Global taraqqiyot va barqarorlik yo‘lida hamkorlik
Hindiston poytaxti Yangi Dehli shahrida 18-BRICS sammiti ish boshladi. 12–13-sentabr kunlari o‘tkazilayotgan mazkur yuqori darajadagi muloqot dunyo iqtisodiyoti va siyosatining muhim markazlaridan biriga aylangan BRICS’ning kelgusi faoliyati uchun ustuvor yo‘nalishlarni belgilab berishi kutilmoqda.
Sammit Hindiston raisligida “Bharat Mandapam” majmuasida o‘tkazilmoqda. Nufuzli tadbir «Barqarorlik, innovatsiyalar, hamkorlik va barqaror rivojlanish uchun bunyodkorlik» mavzusiga bag‘ishlandi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bu mamlakatning BRICS’ga to‘rtinchi raisligi hisoblanadi. Bugungi kunda tashkilot 11 davlatni birlashtirib, ular jahon aholisining 49,5 foizi, global YAIMning 40 foizi va jahon savdosining 26 foizini tashkil etadi. Bu ko‘rsatkichlar BRICS’ning jahon iqtisodiyotidagi salmog‘i oshib borayotganini ko‘rsatadi.
Xo‘sh, BRICS qanday tuzilma o‘zi?
So‘nggi yillarda xalqaro siyosiy tizimda tub o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Geosiyosiy raqobat kuchayishi, sanksiya siyosati, mintaqaviy mojarolar va global inqiroz natijasida dunyo yangi – ko‘p qutbli rivojlanish bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Ayni sharoitda, jumladan, BRICS formati xalqaro munosabatlarda alohida ahamiyat kasb etmoqda.

BRICS (Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika) dastlab iqtisodiy o‘sishga ega davlatlar muloqot maydoni sifatida shakllangan bo‘lsa, bugun global boshqaruv, xalqaro adolat va iqtisodiy muvozanat masalalarida ham o‘ziga xos qarashga ega tuzilmaga aylanmoqda. Shu nuqtai nazardan Hindistonda o‘tkazilayotgan BRICS sammiti ushbu formatning kelgusi yo‘nalishlarini belgilab beruvchi muhim bosqich sifatida baholanmoqda.
Ko‘p qutbli dunyo konsepsiyasi xalqaro munosabatlarda yagona yetakchi markaz mavjud emasligi, qarorlar bir necha siyosiy-iqtisodiy kuch o‘rtasidagi muvozanat asosida qabul qilinishiga tayanadi. BRICS aynan shu g‘oyani ilgari surayotgan maydonlardan biri sifatida ko‘riladi. Tuzilma a’zolari dunyo aholisining katta qismi, jahon yalpi ichki mahsulotining salmoqli ulushi va behisob strategik tabiiy resurslarni birlashtirgan.

BRICS davlatlari tomonidan tez-tez ta’kidlanayotgan asosiy jihat – xalqaro institutlar, jumladan BMT, XVJ va Jahon banki faoliyatini isloh qilish zarurati. Ta’kidlanishicha, hozirgi geosiyosiy voqelikni to‘liq aks ettira olmayotgan mazkur tuzilmalar rivojlanayotgan mamlakatlar manfaatini yetarlicha hisobga olmayapti. Shu bois BRICS ko‘p qutbli dunyoda adolatli boshqaruv mexanizmini shakllantirish tarafdori sifatida maydonga chiqmoqda.
Hindiston 2026-yilda BRICS’ga raislik qilmoqda. Mamlakat raisligi davrida tashkilot faoliyatida barqarorlik, innovatsiyalar, hamkorlik va barqaror rivojlanish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Rasmiy ma’lumotlarda ham inson manfaatlariga yo‘naltirilgan yondashuv asosiy tamoyillardan biri sifatida qayd etilgan.
Bugungi kunda BRICS nafaqat iqtisodiy hamkorlik maydoni, balki global boshqaruv tizimida rivojlanayotgan mamlakatlar manfaatlarini ilgari surishga qaratilgan muhim muloqot platformasi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Shu nuqtai nazardan, Yangi Dehlidagi sammit xalqaro munosabatlardagi chuqur o‘zgarishlar fonida alohida ahamiyat kasb etadi.
BRICS’ning kengayishi natijasida tashkilotning geografik qamrovi va iqtisodiy salohiyati sezilarli darajada ortdi. Bu esa platforma doirasida turli mintaqalar manfaatlarini uyg‘unlashtirish, o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va ko‘p qutbli xalqaro tizim shakllanishiga doir yondashuvlarni muhokama qilish imkonini kengaytiradi.
Ayni paytda BRICS mamlakatlari o‘rtasidagi siyosiy va iqtisodiy manfaatlar bir-biridan farq qilishi ham tabiiy. Shu bois sammitning asosiy vazifalaridan biri — umumiy manfaatlar atrofida amaliy hamkorlikni kuchaytirish va mavjud tafovutlarga qaramay, konstruktiv muloqotni ta’minlashdan iborat.
Narendra Modi: BRICS hamkorligini global islohotlar bilan uyg‘unlashtirish zarur
Sammitni Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi kirish so‘zi bilan ochib berdi. BRICS doirasidagi hamjihatlik va kelishuvlarni global miqyosda aniq natijalarga aylantirish vaqti kelganini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, tashkilot raisligi har yili almashsa-da, bu institutsional ishlarning uzluksizligiga ta’sir qilmasligi kerak. Shu munosabat bilan Hindiston bosh vaziri BRICS’ning barqarorlik va amalga oshirish mexanizmlarini kuchaytirish, tashabbuslar va qabul qilingan qarorlarni tizimli ravishda kuzatib borish maqsadida maxsus mexanizm tashkil etish taklifini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kelgusi yigirma yil uchun yangi va keng qamrovli kun tartibini shakllantirish zarur.

Hindiston Bosh vaziri global boshqaruv tizimini isloh qilish masalasiga ham alohida to‘xtalib, BMT Xavfsizlik kengashini isloh qilishni kechiktirib bo‘lmasligini qayd etdi. “Global Janub” mamlakatlari bugungi global inqirozlarning eng old qatorida turgani holda, qarorlar qabul qilish jarayonida yetarlicha ishtirok eta olmayotganini ta’kidladi. Shuningdek, u sun’iy intellekt, kibermakon, kosmos, biotexnologiya va ilg‘or texnologiyalar sohalarida kelajakdagi xalqaro qoidalarni shakllantirishda “Global Janub” davlatlarining faol ishtirokini ta’minlash zarurligini bildirdi.
Sammit doirasidagi eng muhim masalalardan biri - jahon iqtisodiyotidagi o‘zgarishlar va rivojlanayotgan mamlakatlarning global iqtisodiy boshqaruvdagi rolini kuchaytirish. Xususan, xalqaro moliya tizimini takomillashtirish, savdo va investitsiya aloqalarini kengaytirish, milliy valyutalardan foydalanish imkoniyatlarini oshirish, transchegaraviy to‘lov mexanizmlarini rivojlantirish kabi yo‘nalishlar BRICS mamlakatlari uchun dolzarb ahamiyatga ega.
Shuningdek, yangi texnologiyalar va sun’iy intellektdan samarali foydalanish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish hamda texnologik taraqqiyot natijalaridan rivojlanayotgan davlatlar ham keng foydalanishi uchun sharoit yaratish masalalari ham diqqat markazida bo‘ladi.
Sammit ertaga ham o‘z ishini davom ettiradi.
Nurillo NASRIEV,
O‘zA
Yangi Dehli, Hindiston