Brexit: muvaffaqiyatmi yoki tanazzul?
Dastlab Brexit (Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishi) ga mamlakatdagi konservativ muxolifat va ayrim guruhlarning bosh maqsadi sifatida qaraldi.
Dastlab Brexit (Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishi) ga mamlakatdagi konservativ muxolifat va ayrim guruhlarning bosh maqsadi sifatida qaraldi. 2016 yil 23 iyundagi referendum natijalariga ko‘ra, mamlakatning Yevropa Ittifoqidan chiqishini yoqlab 51,9 foiz saylovchi ovoz bergan, 48,1 foizi esa bunga qarshi bo‘lgan. Birlashgan Qirollikning alohida sub’ektlarida ovoz berish natijalari har xil tus olgan: Shotlandiya va Shimoliy Irlandiyaning aksar aholisi Brexitga qarshi ovoz bergan bo‘lsa, Angliya (London mustasno) va Uels mamlakatning YeIdan chiqishini yoqlab ovoz bergan. Referendumning kutilmagan natijasi jahon hamjamiyatini lol qoldirdi, ayrimlar hatto shok holatiga ham tushib qolishdi, chunki ko‘plab siyosatshunoslar buning aksi bo‘lishini taxmin qilishgan edi.
Yevropa Ittifoqi joriy yil 10 aprel kuni kechki payt o‘tkazgan favqulodda sammitida Ittifoqdan chiqish borasida boshi berk ko‘chaga kirib qolgan Buyuk Britaniyaga 31 oktabrgacha Brexitni yakunlashga muhlat bergan. Sababi Brexit jarayoni cho‘zilib ketganidir. London va Bryusselning bu boradagi muzokaralarni 2017 yilning yozida boshlangandi. Brexit 2019 yil 29 mart kuni bo‘lib o‘tishi, keyin o‘tish davri boshlanishi kerak edi. Ammo Britaniya parlamentining YeI bilan kelishuvni ratifikatsiya qilmagani jarayonni cho‘zib yubordi.
YeI rasmiy Londonga 31 oktabrgacha muhlat berishining bir sababi bor. May oyining oxirida Yevropada parlament saylovlari o‘tkazildi. Shu asosda 2019 yilning 1 noyabridan yangi parlament va yangi Yevrokomissiya ish boshlaydi. YeI Londonning shu muddatgacha yagona to‘xtamga kelishini istaydi. Aslida ushbu muddat Birlashgan Qirollik siyosiy partiyalari, parlament va hukumatning bir to‘xtamga kelishi uchun yetarli muddat.
Mamlakat Bosh vaziri Tereza Mey na hukumatni, na xalqni Buyuk Britaniya Yevroittifoq tarkibidan chiqib ketsa hozirgidan yaxshiroq bo‘lishiga ishontira olmagani uchun iste’foga chiqishga majbur bo‘ldi. Bir paytlar, bundan uch yil oldin Buyuk Britaniyaning Yevroittifoqdan chiqarish tarafdori bo‘lib o‘rtaga chiqqan va hatto referendum o‘tkazib, o‘sha o‘tkazilgan umumxalq referendumda o‘ziga kerakli natijani qo‘lga kiritgan ham aynan Meyning partiyasi bo‘lgan.
Brexit Birlashgan Qirollikni ushlab turgan ustunlar muayyan muddat darz ketayotganligini yaqqol namoyish etdi. Ayrim vaqtlarda qirollik sun’iy nafas oldirilayotgan kasal kimsaga o‘xshab, Yevropa Ittifoqidan chiqish borasidagi ko‘z qarashlar tufayli Angliya, Shotlandiya, Uels va Shimoliy Irlandiya ittifoqi bevosita xavf ostida qoldi.
Uch yil avvalgi referendum natijalari e’lon qilingach, Britaniya fuqarolari orasida Yevropa Ittifoqidan yashash uchun fuqarolik so‘rash holatlari avjga chiqdi. Yoz oylarida YeIning Londondagi 16 ta diplomatik korpusi vakillari aholi o‘rtasida boshqa a’zo mamlakatlar pasportini olishga talab kuchayib ketganligini qayd etishdi. Talabning oshishiga sabab esa britaniyaliklarning YeI mamlakatlari bo‘ylab referendumdan avvalgi kabi erkin sayohat qilishni istashlari edi.
Referendumdan so‘ng bir oy ichida Britaniyadagi sayyohlar soni 18 foiz oshdi. Turizm bozori tadqiqotlari shuni ko‘rsatdiki, funt sterling qiymatining pasayib ketishi britaniyaliklar orasida ichki va tashqi turizmni rivojlantirdi.
Britaniyalik xaridorlar Brexitdan keyingi shok holatdan tez chiqib olishdi: 2016 yil iyul oyida chakana savdo ko‘rsatkichi taxmin qilinganidan ham ko‘proq oshdi. Iliq havo kiyim-kechak savdosi oshishiga xizmat qildi, funtning tushib ketishi esa qimmat soatlar va zargarlik buyumlarini xarid qilish uchun kelgan xorijliklarning soni oshishini ta’minladi. Chakana savdolar hajmi avvalgiga nisbatan 1,4 foiz oshdi (taxmin 0,2 % edi). Soatlar va zargarlik buyumlari savdosi esa 16,6 foiz o‘sdi, bu oxirgi ikki yil ichidagi eng yuqori ko‘rsatkich edi. Aholi daromadlarining pasayishi yiliga 3,7 foizni etishi taxmin qilinmoqda.
MANFAATLAR TO‘QNAShUVI
Jahonning qudratli davlatlaridan biri bo‘lgan Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqish rejasini e’lon qilishi butun dunyoni hayratga soldi. Negaki, Ittifoq tarkibiga kirish orzusida yurgan davlatlar oz emas... Britaniya nimani ko‘zlab tashkilotni tark etmoqchi? Buning ostida kimlarning manfaati yotibdi?
Ushbu siyosiy jarayonning amalga oshishi nafaqat butun mamlakat, balki Yevropa va unga qo‘shni qit’alarning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga o‘zgacha tus berishi mumkin. Dunyo mamlakatlari bir-biriga ko‘rinmas ip bilan bog‘langan ekan, muayyan hududda sodir bo‘lgan voqea barchaga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi. Xo‘sh, nima uchun rasmiy London Ittifoq taqdim etgan imkoniyatlardan ochiqchasiga voz kechyapti?
Ancha yillar avval – o‘tgan asrning o‘rtalarida o‘sha paytdagi Britaniya Bosh vaziri, zukko siyosatchi Uinston Cherchill tomonidan aytilgan fikr bugunga kelib ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmadi: “Biz Yevropaning oddiy bo‘lagi emasmiz, balki uning teng huquqli a’zosimiz”. U yurtining qit’a hukmroni bo‘lishi uchun harakat qilgan. Yuksalish esa tashqi iqtisodiy aloqalar yordamida amalga oshishini Cherchill juda yaxshi bilgan. Shu maqsadda butun Yevropani birlashtiradigan yagona tuzilma – Yevropa Ittifoqi tuzish lozimligini ta’kidlagan.
Tashkil topganidan so‘ng Britaniya ham uning a’zosi bo‘lishga harakat qildi. Ilk urinish o‘tgan asrning 60-yillarida boshlandi. Oradan vaqt o‘tib, 1975 yilda Britaniya Yevropa Ittifoqi tarkibiga kirdi. Shundan so‘ng mamlakat iqtisodiy jihatdan o‘zini rivojlantirishi uchun chetdan investitsiya olib kirishga erishdi. A’zolik bir qancha sohalarning jadallashuvida qo‘l kelgan bo‘lsa-da, ortidan bundan ham katta muammolarni yetaklab keldi.
Immigrantlar siyosatining oqsayotganligi hukumatning YeIdan chiqib ketishi uchun eng asosiy sabab sifatida qaraladi. Yevrohududda chegara to‘siqlarining yo‘qligi tufayli immigrantlar oqimi kuchaydi. Parij va Bryusselda sodir bo‘lgan teraktda muhojirlarning “qo‘li borligi” aniqlandi. Shu voqea Britaniyani sergaklikka chorladi va jarayonni tezlashtirishga undadi. Markaziy boshqaruv organi bungacha ham YeIning immigrantlar masalalari bo‘yicha dasturlariga qo‘shilmagan. Masalan, Britaniya tashkilotning 2015 yildagi O‘rta Sharq va Afrikadan kelgan muhojirlarni qayta joylashtirish loyihasida qatnashmagan. Sababi, bu ko‘p mablag‘ni talab qilgan. Shuning uchun taklif rad etilgan.
Brexitga har kim turlicha yondashgan. 2013 yildagi nutqida Bosh vazir Devid Kemeron Ittifoq faoliyatini tanqid qilgan. 2015 yil umummilliy referendum o‘tkazilishidan oldin YeI Britaniyaga qo‘ygan talablarini qaytadan ko‘rib chiqishi va bir qancha jabhalarda (milliy suverenitet, immigratsiya siyosati, moliyaviy va iqtisodiy boshqaruv) islohot o‘tkazishi kerakligini talab qilgan. Oradan bir yil o‘tib, YeI rahbarlari bunga rozi bo‘lishdi, lekin mavjud vaziyat yumshamadi. Mamlakatda immigrantlar oshib ketaverdi. Ularning ko‘pchiligini Polsha, Bolgariya, Ruminiya fuqarolari tashkil etadi. YeIning 3 mingdan ortiq immigranti Suriya urushiga ketdi va bu xavfsizlik choralarini yanada kuchaytirish choralarini ishlab chiqish zaruratini vujudga keltirdi.
TAXMIN, TAHLIL VA BAShORATLAR
Brexit natijasida 2018 yildan 2030 yilgacha Buyuk Britaniyada YaIM o‘sish sur’ati 0,17 foiz pasayishi taxmin qilinmoqda. 2030 yilgacha mamlakat YaIM hajmining 2,2 foizini yo‘qotishi mumkin. Birlashgan Qirollik fiskal tadqiqotlar institutining ma’lumotlariga ko‘ra, Yevroittifoqdan chiqqanidan so‘ng Britaniyadagi har bir oila yiliga o‘rtacha 1250 funt sterling yo‘qotadi. Brexitdan keyingi o‘n yil davomida mamlakat aholisining real daromadi pasayishi kutilmoqda.
Brexit Britaniya moliya sektoriga uzoq davom etadigan zarar yetkazishi mumkin. Buning asosiy sababi esa mamlakatni aqlli va salohiyatli insonlar tark etishi jarayoni boshlanishi ehtimolidir. Londonda ham xuddi Silikon vodiysidagi kabi jahon miqyosidagi iste’dodli shaxslar to‘plangan bo‘lib, xorijlik ishchilar uchun viza berishdagi mavhumlik, ishdan ajralish ehtimoli kabilar ularning mamlakatni tark etishlariga olib kelishi mumkin.
Britaniyaning easyJet aviakompaniyasi biznesining bir qismini YeIga ko‘chirishga qaror qilgan birinchi yirik korporatsiya bo‘ldi. Yevropa ichidagi yo‘nalishlarda aviatashuvlarni amalga oshirish huquqidan ayrilib qolmaslik uchun u Avstriyada o‘zining easyJet Europe deb nomlangan sho‘ba kompaniyasini tashkil qildi. Yevropa bank boshqarmasi va Yevropa dori vositalari agentligi Londonni tark etishga qaror qildi, ularda mingga yaqin xodim faoliyat ko‘rsatardi. 2018 yil sentabrda Yaponiyaning Panasonic korporatsiyasi o‘zining Yevropadagi bosh qarorgohini Londondan Niderlandiyaga ko‘chirishini e’lon qildi.
Qirollik fuqarolik pasportidagi “European Union” yozuvi ko‘plab britaniyaliklarni o‘ylantirib qo‘ydi: ular pasportni almashtirish kerakmi-yo‘qligi borasida savol berishmoqda. Buyuk Britaniya YeI tarkibidan butunlay chiqib ketmagani bois pasport almashtirilmaydi. Ikki yildan so‘ng pasportlar bosqichma-bosqich almashtirilishi mumkin.
Britaniya YeIdan to‘liq ajralib chiqqunicha migratsiya qonunchiligida keskin o‘zgarishlar yuz bermaydi. Ikki yildan keyin ham YeIdan keladigan migrantlar soni kamayishi so‘roq ostida qoladi. Birinchidan, Britaniyada xorijlik mutaxassislar uchun jiddiy lobbi mavjud – yirik va kichik biznes vakillari ishchi kuchi yetishmasligidan tashvishlanishadi. Ikkinchidan, bu borada YeI qat’iy pozitsiyada bo‘lishi mumkin: erkin savdo evaziga chegaraning ochiqligi. Uchinchidan, mamlakatda ko‘plab sohalarda malakali mutaxassislar yetishmovchiligi mavjud.
Yevroittifoqdan chiqish tufayli iqtisodiyotga yetayotgan kunlik, oylik, yillik zararlar qancha miqdorda bo‘layotgani haqidagi har bir xabar OAVda yoritilishi ortidan biroz oldin Yevroittifoqdan chiqishni yoqlab ovoz bergan aholining va uning tashabbuskori bo‘lgan amaldorlarning fikrini o‘zgarib boraverdi. Oqibatda Meyga o‘xshab: “Buyuk Britaniya Yevroittifoqdan chiqishi kerak va bu uchun oxirigacha turib beraman”, deganlar soni ancha siyraklashib qoldi. Endi vaziyat o‘zgarib, Yevroittifoqdan chiqishga qarshi bo‘lganlarga ularning gapi o‘tmay qoldi.
Bosh vazirlikka bo‘lajak nomzodlar sifatida sobiq tashqi ishlar vaziri Boris Jonson, parlament umumpalatalari sobiq boshlig‘i Andrea Lids, tashqi ishlar vaziri Jeremi Xant, shuningdek, ichki ishlar vaziri Sajdid Javid ko‘rilmoqda. Voqealar rivoji shunga yetib keldiki, Yevropa Ittifoqi rahbarlari Buyuk Britaniyaning yangi Bosh vaziri bilan Brexitning shartlari bo‘yicha muzokara qilishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Mamlakat tashqi ishlar vaziri Jeremi Xant kuni kecha bunday fikr bildirgan: “Men muntazam aloqada bo‘ladigan Yevropa yetakchilari muammoni bartaraf etish tarafdori. Britaniya Bosh vaziri agar Shimoliy Irlandiya chegarasi masalasi yechimi aks etgan loyihani taqdim eta olsa, ular muzokaralarga tayyor. Lekin 31 oktabr kuni shartnomasiz Brexitning amalga oshirilishi Britaniya manfaatlariga zid. Biz kelishib olishimiz mumkin”.
Muxtasar aytganda, Buyuk Britaniya YeIdan chiqishiga rasman start berildi. 2020 yilning 31 dekabrigacha davom etadigan o‘tish davrida Buyuk Britaniya YeI va Bojxona ittifoqi a’zosi bo‘lib qoladi, bu Irlandiya bilan chegarasi ochiq qoldirishi evaziga bo‘ladi. Agar tomonlar shu davr ichida yangi savdo kelishuviga erisha olishmasa, o‘tish davri muddati uzaytiriladi.
N. QOBILJONOV