Bo‘zatovda zamonaviy nasos stansiyasi ishga tushirildi
Davlatimiz rahbarining 2020-yil 5-dekabrdagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida suv resurslaridan samarali foydalanish va yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Orolbo‘yi hududida irrigatsiyani rivojlantirish va sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha izchil choralar ko‘rib kelinmoqda.
Jumladan, ushbu qarorga muvofiq, Amudaryoning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bo‘zatov tumani hududidan o‘tadigan qismida quvvati 3 m3/sekund bo‘lgan NDN-24 nasos agregatlarini o‘rnatish loyihasi amalga oshirildi.
Yangi barpo etilgan zamonaviy nasos stansiyasining tantanali ochilish marosimida Suv xo‘jaligi vazirligi, tuman hokimligi mutasaddilari, nuroniylar, fermerlar va mahalla faollari ishtirok etdi.
Qayd etilganidek, mazkur loyiha hudud infratuzilmasini yanada rivojlantirish, sanitariya holatini yaxshilash va aholi uchun qulay yashash sharoitlarini yaratishda muhim o‘rin tutadi.Nasos agregatlarining o‘rnatilishi natijasida tumandagi 1,5 ming nafar aholining 210 gektar tomorqa maydoni, 2,8 ming gektar sug‘oriladigan yer va 3,5 ming gektar yaylov maydonini oqar suv bilan ta’minlash imkoniyati yanada yaxshilanadi.
Ushbu ishlarga qurilish boshidan jami 13,2 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Ayni paytda Qoraqalpog‘iston nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi tomonidan agregatlar soz holatda saqlanib, hududning suvga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.