Bo‘zatovda yangragan yoshlar ovozi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bo‘zatov tumani markaziy o‘yingohida “Respublika yoshlar ovozi" festivali g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Uch kun davom etgan tadbirda an’anaviy ijro va baxshichilik yo‘nalishida 6-15 yosh toifasida birinchi o‘rinni Toshkent shahridan Sevinch Jovliyeva, ikkinchi o‘rinni Xorazm viloyatidan Mahliyo Norboyeva, uchinchi o‘rinni Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Bayramboy Janaboyev, 16-30 yosh toifasida birinchi o‘rinlarni Xorazm viloyatidan Botirjon Rahmanov, Toshkent viloyatidan Eldar Tursunov, ikkinchi o‘rinlarni Surxondaryo viloyatidan Abdirahmon Abdinazarov, Buxoro viloyatidan Gulchiroy Baxshilloyeva, uchinchi o‘rinlarni Navoiy viloyatidan Xumora Mahammatqulova, Qashqadaryo viloyatidan Bekjon Rahimov egalladi.
Opera yo‘nalishida 6-15 yosh toifasida birinchi o‘rin Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Nishonbek Mirzaboyevga, ikkinchi o‘rin Xorazm viloyatidan Umrbek Yo‘ldashevga, uchinchi o‘rin Toshkent viloyatidan Kristina Petrosyanga, 16-30 yosh toifasida birinchi o‘rin Xorazm viloyatidan Aminzoda Jumaniyazovga, ikkinchi o‘rin Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Shiroz Tursunboyevga, uchinchi o‘rin Toshkent shahridan Xaticha Imamnazarovaga nasib qildi.
[gallery-2743]
Estrada yo‘nalishida 6-15 yosh toifasida birinchi o‘rinni Toshkent shahridan Firdavs Avezov, ikkinchi o‘rinni Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Muyassar Dao‘letboyeva, uchinchi o‘rinni Namangan viloyatidan Gulyora Majidullayeva, 16-30 yosh toifasida birinchi o‘rinni Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Musag‘ali Moldaboyev, ikkinchi o‘rinni Jizzax viloyatidan Umarshoh Saydaliyev, uchinchi o‘rinni Toshkent shahridan Dilshod Djalalov egalladi.
Barcha yo‘nalishlar bo‘yicha birinchi o‘rin egalariga 50 million so‘m, ikkinchi o‘rin egalariga 25 million so‘m, uchinchi o‘rin egalariga 15 million so‘m pul mukofotlari topshirildi.
– Orolbo‘yiga ilk marotaba kelishim menga omad olib keldi, – deydi an’anaviy ijro va baxshichilik yo‘nalishi g‘olibi, toshkentlik Sevinch Jovliyeva. – Bu yerning odamlari mehmondo‘st ekan. Bizga barcha shart-sharoitlar yaratib berildi. O‘ziga xos jozibaga ega qoraqalpoq tili menda katta qiziqish uyg‘otdi.
Taniqli san’atkorlar ishtirokidagi konsert dasturi, Bo‘zatov osmonini bezagan mushakbozlik ishtirokchilar hamda mehmonlarga bayramona kayfiyat bag‘ishladi.
Festival g‘oliblarini taqdirlash marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi o‘rinbosari A.Davletov, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Sa’dullayev ishtirok etdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA