Boysunda yangi ko‘prik ishga tushdi
Surxondaryo viloyatining Boysun tumanidagi Sho‘rsoy va Mustaqillik mahallasini bog‘laydigan yangi ko‘prik foydalanishga topshirildi.
Sho‘rsoy soyi ustida qad rostlagan ko‘prikning uzunligi 22 metr, eni 4 metr va balandligi 11 metrni tashkil etadi. Hashar yo‘li bilan bunyod etilgan ko‘prikni qurish uchun tuman hokimligi ustki temir platforma va temir tayanch ustunlarini yetkazib berdi. Qolgan ishlarni aholi hashar yo‘li bilan amalga oshirib, zamonaviy ko‘prikni barpo etdi.



– Tog‘li tumanimiz yildan-yilga chiroy ochib, qiyofasini o‘zgartirmoqda, – deydi sho‘rsoylik mahalla faoli Baxtiyor Shukurov. – Prezidentimizning tumanimizga qaratayotgan yuksak e’tiborlari bilan ko‘p qavatli uy-joylar, yangi jome masjidi va boshqa ijtimoiy soha ob’ektlari jam bo‘lgan “Yangi O‘zbekiston” massivi bunyod etildi. Avvallari mahallamizdan yangi massivga kelmoqchi bo‘lsak, uch kilometr yo‘lni bosib o‘tishga to‘g‘ri kelar edi. Endilikda bu masofa 2,5 kilometrga qisqardi. Poydevori mustahkam yangi ko‘prikdan o‘tib, besh yuz metr yo‘l bossak, Mustaqillik mahallasiga kirib kelamiz. Yaratilayotgan bunday qulayliklar uchun davlatimizdan behad minnatdormiz.
Yangi ko‘prik Sho‘rsoyga tutash boshqa mahallalar, shuningdek, mashhur “Omonxona” turizm qishlog‘idan ham tuman markaziga transport qatnovini ikki yarim kilometrga qisqartirdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri