“Boysun bahori“da dunyo folklor ustalari bahslashadi
Joriy yilning may oyida ko‘hna va betakror Boysun tumanida “Boysun bahori“ xalqaro folklor festivali bo‘lib o‘tadi.
Dunyo folklor-etnografik san’ati ijrochilari va shinavandalarini, folklorshunoslar va soha mutaxassislarini go‘zal tog‘lar qo‘ynida birlashtiradigan festivalni bu yil tamomila yangicha ruxda o‘tkazishga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda.
Ayni paytda xalqaro festivalning asosiy tadbirlari o‘tkaziladigan Bibishirin mahallasidagi zamonaviy turizm majmuasida folklor - etnografik jamoalarning chiqishlari, milliy sport o‘yinlari va boshqa turli tomoshalarni keng namoyish etish uchun barcha qulaylik yaratilmoqda.

¬–Donishmand xalqimiz o‘tmishdan o‘zining noyob milliy san’ati, milliy qadriyat va an’analari bilan ham jahonda shuhrat qozongan, –deydi Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosari, ¬viloyat turizm boshqarmasi boshlig‘i Jo‘rabek To‘rayev.¬ –Xalqimiz asrlar davomida qalb qo‘rida asrab-avaylab kelgan bunday noyob ijod namunalarini yanada keng tarannum etish, dunyo ahlini yaqindan tanishtirish uchun endilikda barcha sharoit, qulay muhit yaratildi. Shunga muvofiq xalqaro festivalni yanada jozibador o‘tkazish, mahalliy va xorijliklarga milliy bayramona kayfiyat ulashib, qadimiy vohaning turistik salohiyatini oshirish uchun uni tog‘lar qo‘ynida bahor ifori esib turadigan 1-7-may kunlari o‘tkazishni mo‘ljallayapmiz. Bu barchani nafis folklor - etnografik jamoalarimizning boy dasturlari, milliy sport o‘yinlari va boshqa turli tomoshalari bilan yaqindan tanishtirishga, shuningdek, festivalning xalqaro ko‘rik-tanlovida ishtirok etadigan mahalliy va xorijlik san’atkorlarning chiqishlarini keng namoyish etishiga, uni yuqori badiiy saviyada o‘tkazishga qulay imkoniyat yaratadi.
Festivalning dastlabki kuni Termiz shahrida xalqaro ilmiy –amaliy konferensiya tashkil etiladi. Folklor san’ati bayrami kunlari belgilangan dastur asosida milliy taomlar, milliy hunarmandlik buyumlari ko‘rgazmasi, viloyat folklor jamoalarining konsert dasturlari, havo sharlarini uchirish, dronshou kabi tomoshalar ko‘rsatiladi. Festivalda poytaxtimiz va viloyatlarning folklor-etnografik jamoalariga ham keng o‘rin ajratiladi.

Tog‘li tumandagi “Xo‘jamayxona” ziyoratgohi yo‘llarida velomarafon musobaqasi o‘tkazish ham mo‘ljallanmoqda. “Omonxona” shifobaxsh buloq suvi, Xo‘ja Sulton Valiy, Kamari Aziz, Xo‘jaqo‘chqor ota ziyoratgohlari, Zovboshi, Kizil kanion singari turistik manzillarga, viloyatning arxelogik obidalari va tarixiy yodgorliklariga sayohatlar uyushtiriladi. Varrak uchirish, qo‘chqor, xo‘roz urishtirish, arqon tortish va boshqa etnosport bellashuvlari, kurash, uloq-ko‘pkari musobaqalari festival mehmonlarida boy taassurot uyg‘otadi. Xalqaro folklor-etnografik jamoalar ko‘rik-tanlovida dunyo xalqlarining noyob qadimiy san’atlari barchaga o‘zgacha zavq-u shavq ulashadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, xalqaro ko‘rik-tanlovda hozirgacha Buyuk Britaniya, Belgiya, Isroil, Rossiya, Belarus, Ozarbayjon, Ruminiya, Pokiston, Birlashgan Arab Amirliklari, Hindiston kabi o‘n beshga yaqin davlatdan mashhur folklor jamoalari ishtirok etish istagini bildirgan.
Festivalda mamlakatlarining qadimiy san’atini namoyish etib, xalqaro ko‘rik-tanlovda qatnashish uchun chet davlatlardagi folklor jamoalaridan takliflar kelishi davom etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri