Boylar uchun yer ostida maxsus omborxonalar tashkil etilmoqda
Shveysariyaning Alp tog‘larida dunyodagi eng boy insonlarga tegishli qimmatbaho buyumlarni saqlashga mo‘ljallangan maxsus yer osti g‘orlari barpo etilmoqda. Majmua kelasi yil foydalanishga topshiriladi.
Loyiha muallifi Tomas Gasser qayd etishicha, Bryunig tog‘ mavzesi bag‘rida 20 ga yaqin yer osti ombori jihozlanib, qimmatbaho metall, san’at asari, noyob vino va avtomobil saqlash imkoni yaratiladi. Maskanga bir necha bosqichli nazorat-o‘tkazish va xavfsizlik tekshiruvi orqali kiriladi. Har bir g‘orni 99 yil muddatga ijaraga olish narxi 1 million Shveysariya franki (taxminan 1,07 million yevro)dan boshlanadi. Tashkilotchilar ta’kidlashicha, bunday xizmatga talab juda yuqori va ba’zi xaridorlar allaqachon shartnoma tuzishga ulgurgan.
Darvoqe, ilgari Shveysariyada qimmatbaho buyum saqlash uchun eski harbiy bunkerlardan foydalanilgan. Hozir esa mamlakat Qurolli kuchlari mintaqadagi geosiyosiy vaziyat tufayli bu inshootlardan yana o‘q-dori va zarur ashyo saqlash maqsadida foydalanishni rejalashtirmoqda.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA