Bo‘stonliqda kuchli yomg‘ir oqibatlari bartaraf etilmoqda
1-oktabr kuni soat 19:30 larda Toshkent viloyatining ayrim hududlarida kuchli jala yomg‘ir yog‘ishi oqibatida Bo‘stonliq tumanining bir qator hududlarida yomg‘ir suvlari to‘planib, ayrim xonadonlarning hovli va yerto‘lalariga suv kirishi kuzatildi.
Jumladan, S.Xondayliqiy, Xo‘jaobod, Uyenkulsoy, Bog‘iston, Xumson, Sijjak va boshqa mahallalarda yo‘l yoqalari hamda ayrim xonadonlarda suv to‘plangan.
Dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra, kuchli yog‘ingarchilik bilan bir qatorda, tog‘oldi hududlaridan ariqlarga oqib tushgan shox-shabba va turli chiqindilarning suv o‘tkazish yo‘llarini to‘sib qo‘yishi ham suv to‘planishiga sabab bo‘lgan.
Holat aniqlangan zahotiyoq Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi hududiy bo‘linmalari hamda tegishli xizmatlar tomonidan zarur kuch va vositalar jalb etildi. Xonadonlar va ko‘chalardan suv chiqarish, ariqlarni tozalash, shuningdek, avtomobil yo‘llarida xavfsiz harakatni ta’minlash choralari ko‘rildi.

Ayni paytda hududlardagi vaziyat mutasaddi tashkilotlar nazoratida. Suv o‘tkazish inshootlari, ariqlar va yo‘l yoqalari qayta ko‘zdan kechirilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish ishlari davom etmoqda.
A.Musayev,O‘zA