Bo‘ston tumanida kivi ko‘chatlari yetishtirilmoqda
Andijon viloyati Bo‘ston tumanida “Har bir oila tadbirkor” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ibratli ishlarni targ‘ib etish, tomorqadan unumli foydalanish borasidagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirish bo‘yicha “Namunali tomorqachi” deb nomlangan tadbir o‘tkazildi.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-Demokratik partiyasi viloyat kengashi hamda partiyaning Xotin-qizlar qanoti tomonidan tashkil etilgan tadbirda o‘z tomorqasida issiqxona tashkil etgan hamda o‘z tomorqasida tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagidagi xotin-qizlar Nafisaxon va Tohirjon Ortiqov tomonidan tashkil etilgan “Tomorqa hizmati” mas’uliyati cheklangan jamiyati issiqxonasida olib borilayotgan ishlar, ilg‘or tajribalar bilan tanishdi.

Bo‘ston tumanidagi Ortiqovlar xonadonini bugun nafaqat tumanda, balki viloyat, xatto respublikada ham ko‘pchilik yaxshi biladi. Chunki ushbu oila vakillari o‘z xonadonida sitrus meva – kivi yetishtirish bilan shug‘ullanib keladi.
Nafisaxon va Tohirjon Ortiqov bu ish bilan avval o‘z tomorqasida shug‘ullangan bo‘lsa, 2019 yilda 1 gektar maydonda issiqxona barpo etib, kivi, palma ko‘chatlari yetishtirish bilan shug‘ullana boshlagan. Ayni paytda issiqxonada 10 ming tup palma guli, 10 ming tup kivi ko‘chatlari parvarishlanmoqda. Bundan tashqari, 5 sotix maydonga chesnok, piyoz, sholg‘om, sabzi kabi ekinlar ekilgan.

– Tadbirni tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, xotin-qizlarning ishbilarmonlik salohiyatini yuksaltirish, tomorqadan unumli va samarali foydalanish borasidagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirishdan iborat, – deydi O’zLiDeP Andijon viloyati kengashi Ayollar qanoti rahbari Umidaxon Isayeva.
– Qolaversa, ekin maydonlaridan unumli foydalangan holda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish xajmini ko‘paytirish, oilalarning daromad manbaini shakllantirish ko‘zda tutilgan.
“Tomorqa xizmati” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ayni kunda 50 bosh echki, 100 dan ortiq quyon ham parvarishlanmoqda. Bundan tashqari, jamiyat issiqxonasida yetishtirilayotgan mahsulotlarni sotish uchun katta yo‘l bo‘yiga do‘kon barpo etilmoqda.
Noan’anaviy tarzda o‘tkazilgan tadbir davomida tomorqa xo‘jaligidan foydalanishda namunali ish olib borayotgan xonadon egalari ishtirokchilar uchun mahorat saboqlari o‘tkazdi. Tomorqadan unumli foydalanish, sitrus mevalari ko‘chatlarini yetishtirish bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
– Kelgusida 1 gektar maydonda issiqxonalar uchun mandarin, apelsin, limon hamda manzarali daraxt ko‘chatlarini yetishtirishni maqsad qilganmiz, – deydi ilg‘or tomorqachi Tohirjon Ortiqov. – Bu borada ham zarur tayyorgarlik ishlarini boshlaganmiz.
Tadbir ishtirokchilarining tomorqadan unumli foydalanish borasidagi ham nazariy, ham amaliy bilim va malakalarini yanada boyitdi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA