Boshqirdistonlik investorlar Jizzaxda
Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev Rossiya Federatsiyasining Boshqirdiston Respublikasi vakili Marsel Asfandiyarov boshchiligida kelgan delegatsiyani qabul qildi.
Delegatsiya tarkibida elektr uzatish liniyalari, kabel liniyalari va mini-chiplarni qurish, o‘rnatish, elektr uzatish liniyalarini loyihalash bo‘yicha “YevroStroyInvest” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Igor Inkin, logistika, neft mahsulotlarini tashish bo‘yicha “Transarenda” MCHJ rahbari Filipp Nikonov hamda qurilish va sanoatga investitsiyalar, neft mahsulotlarining ulgurji savdosi bilan shug‘ullanadigan “PK” Lavors-Development” MCHJ asoschisi Andrey Shadrenkinlar bor.

Mehmonlar Jizzax shahridagi paxta mahsulotlarini qayta ishlashga ixtisoslashgan “Jizzax tekstil” korxonasining, tekstil mahsulotlari ishlab chiqaradigan “FARALI CITY” mas’uliyati cheklangan jamiyati, tubdan yangilanayotgan “Sh.Rashidov nomidagi to‘qimachilik kombinati”, plastmassa mahsulotlari polietilen plyonka, plastmassa quvurlar ishlab chiqaradigan “Jizzax plastmassa” aksiyadorlik jamiyati, shuningdek, “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasi hududida joylashgan akkumulyator ishlab chiqaradigan korxona “Jizzax akkumlyator zavodi” AJ, keng turdagi konditer mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi “Iruskon” MCHJ hamda har xil o‘lchamdagi quvurlar ishlab chiqaradigan “Master Bilding Products” qo‘shma korxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi.

Bundan tashqari, delegatsiya vakillari “Yangi O‘zbekiston” massivida amalga oshirilayotgan loyihalar, “Gold Fish Agro”, Forish tumanidagi “Basalt” hamda G‘allaorol tumanidagi ip-kalava ishlab chiqaradigan “Sangzor-tekstil” korxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishib, o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar olib bordi.

Boshqirdistonlik investorlar bilan Jizzax viloyatidagi qurilish, to‘qimachilik, elektr, neft mahsulotlarini qayta ishlash va eksport qilish, masalalari xususida keng qamrovli muzokaralar olib borildi va har ikki tomon imkoniyatlari atroflicha muhokama qilindi.
A.QAYUMOV,
O‘zA