Boshqaruv tashkilotlari faoliyati o‘rganildi
Kommunal sohaga oid muammolarni o‘rganish va o‘z vaqtida hal etish aholi farovonligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Joylarda bu boradagi masalalarni hal etish tegishli mutasaddilarning doimiy e’tiborida.
Xususan, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva, Toshkent shahar prokurori o‘rinbosari Habibulla Mirsoatov, Toshkent shahar Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi boshlig‘i Shohrux Rahimjonov poytaxtimizning Bektemir tumanidagi 1 va 2-sektor boshqaruv tashkilotlari faoliyatini o‘rgandi.

O‘rganishlar davomida ma’lum bo‘lishicha, “Comfort TMM” va “Poytaxt grand stroy” boshqaruv tashkilotlari tomonidan ko‘p qavatli uylarning tom, yerto‘la va kirish yo‘laklari qismi to‘liq ta’mirlangan hamda aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida qator servis xizmatlari tashkil etilgan.
Mutasaddilar uyma-uy yurib, aholining sohaga doir muammolariga qiziqdi. Fuqarolar boshqaruv tashkiloti faoliyatidan rozi ekanliklarini bildirdi. Ularning ta’kidlashicha, muammoli holatlar o‘z vaqtida bartaraf etib kelinmoqda. Shuningdek, kompaniyalarning dispetcherlik xizmati ham tunu kun ishlab turibdi.

Mas’ullar tomonidan boshqaruv tashkilotlariga ko‘p qavatli uylar atrofini obodonlashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Mutasaddilar tumanda yangi tashkil etilayotgan "Bektemir sifatli xizmat" BSK binosining qurilish jarayoni bilan ham tanishdi. Zamonaviy binoning aholini qabul qilish, ularga texnik yordam ko‘rsatish, qo‘shimcha xizmat turlarini tashkil etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, samarali xizmat ko‘rsatishni tashkil etish yuzasidan zarur tavsiya va topshiriqlar berildi.
M.Komilova, O‘zA