Boshqalarning eʼtibor va hurmatini his qilish insonga kuch bagʻishlaydi
Xalqimizda “Obroʻ misqollab yigʻiladi, botmonlab toʻkiladi”, degan ibratli gap bor. Har bir inson oilada, ishda, umuman odamlar orasida obroʻ-eʼtiborli boʻlishni istaydi.
Xalqimizda “Obroʻ misqollab yigʻiladi, botmonlab toʻkiladi”, degan ibratli gap bor. Har bir inson oilada, ishda, umuman odamlar orasida obroʻ-eʼtiborli boʻlishni istaydi.
Lekin hurmatli boʻlish oson emas. Inson unga xulqi, tartib-intizomi, soʻzida tura olishi, samimiyati, sadoqati, mehnatsevarligi va shu kabi fazilatlari bilan erishadi.
Oʻqituvchining nufuzi, mavqeyi, obroʻ-eʼtibori masalasi esa soʻnggi yillarda alohida mavzuga aylanib qolgan boʻlsa ham, davlatimiz rahbarining 2019-yil 23-avgustda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va jamiyatda oʻqituvchi mavqeyini oshirish boʻyicha kengaytirilgan videoselektordagi nutqida rahbarlarga, xalqimizga, yoshlarga murojaat sifatida “Oʻzbekistonda eng hurmatli, eng eʼzozli inson muallimdir!” deb, takror-takror taʼkidlashi qalblarga gʻurur bagʻishladi. Aytish mumkinki, Prezidentimiz oʻqituvchilarning yillar davomida pasaygan obroʻsini sarbaland qilib, taʼlim tizimida yangi bir davrni boshlab berdi deyish mumkin.
Bugun nega oʻqituvchi maqomini oshirish degan masala koʻtarildi? Javob oddiy – oʻqituvchi kelajak avlodning kamoloti, yetukligiga masʼul shaxs, uning toʻgʻri taʼlim-tarbiyasi jamiyatning kelajagi kafolatidir. Darhaqiqat, Prezidentimiz taʼkidlaganidek “Oʻqituvchilar kelajak bunyodkoridir!” Mamlakatning ravnaqi oʻqituvchi va uning mehnatiga bogʻliqdir. Shuning uchun ham jamiyat, davlat oʻqituvchiga gʻamxoʻrlik qilmogʻi, uni rozi qilmogʻi zarur. Prezidentimiz barcha hokimlar, rahbarlarning oʻqituvchilarni “Sizlashi” zarurligi haqida koʻrsatma berar ekanlar, biz tinglovchilar oʻzimizda alohida gʻurur tuydik.
Yigʻilishda Parda Tursunning “Oʻqituvchi” romani kabi badiiy asarlar, ular asosida kinofilmlar yaratish vaqti yetganligini, bu kabi asarlar elimizda oʻqituvchi obroʻ-eʼtiborining ortishiga omiliga aylanishi haqida koʻrsatma berar ekanlar, shu romanni ilk bora oʻquvchilik davrimda rus tilida oʻqiganligimni, kitobni esa oilasida joʻjabirday jon boʻlsa ham, respublikamiz markaziga malaka oshirishga borib qaytganida men kabi kitobxon oʻquvchilari uchun ataylab sotib olib, koʻtarib kelgan rahmatli Bobojon Yoʻldoshev ustozimni esladim. Rahmatli onamni, butun umr boshlangʻich sinflarda dars berib, koʻzlarining nuri kamayganda ham koʻzoynak olishni oʻylamagan, nogiron farzandini tarbiyalayotgan boʻlsa ham, bir daqiqa ham darsidan kechikmagan, hayot uchun, biz qizlari uchun kurashgan, qalbimizda oʻqituvchilik kasbiga hurmat uygʻotgan mushtipar onamni esladim. Koʻz oʻngimda qishloqning yozda chang, qishda tizzadan loy koʻchalaridan tufli, etiklariga, kiyimiga gʻubor qoʻndirmay keladigan, yuksak madaniyat namunasi boʻlgan barcha oʻqituvchilarim gavdalandi. Qani edi, ular fidoyiliklari evaziga bugungi eʼtiborni koʻrsalar edi. Koʻplari bu dunyodan oʻtib ketishdi.
Prezidentimizning chekka hududlarda oʻqituvchilik bilan shugʻullanadigan ustozlarning uy-joy muammosini hal qilish, turli imtiyozlar berish kuchaytirilishi haqidagi soʻzlarini tinglar ekanman, imorat quraman, roʻzgʻorni tebrataman deb, oz maosh bilan qiynalib, mavsumga mos ishlarni qilish uchun ishdan boʻsh vaqtda dala ishlaridan qoʻllari qadoq boʻlgan. Shunday boʻlsa ham, pedagogik texnologiyalardan orqada qolmaslikka intilayotgan, qogʻozbozlik ezib tashlagan boʻlsa ham, attestatsiyalarga abituriyentlarday boʻlib tayyorgarlik koʻradigan dugonalarim koʻz oʻngimga keldi. Ularga hayqirgim, jaydarichasiga endi davringiz keldi degim keldi.
Soʻnggi yillarda oʻqituvchining oyligi sezilarli oshdi, endi bu kasb egalari roʻzgʻordan mablagʻ orttirib madaniyat maskanlarida, teatrlarda hordiq chiqara oladi, oʻzini maʼnan boyitadi. Bu, albatta,ish unumdorligiga ijobiy taʼsir qiladi.
Prezidentimiz ota-onalarning oʻqituvchilar faoliyatiga nooʻrin, asossiz aralashuvi, ularni obroʻsizlantirishga intilish kabi holatlar kuchayganligini alohida taʼkidladi va bundan keyin oilada ustozga hurmat-izzatni kuchaytirish boʻyicha “Oila – mahalla – maktab” hamkorligini kuchaytirishga doir muhim koʻrsatmalari yaqin kelajakda oʻz mevasini berishi aniq.
Oʻzbek tili va adabiyoti fani oʻqituvchisi sifatida meni ayniqsa Prezidentimizning ona tilimizga boʻlgan munosabat haqidagi fikrlari juda ruhlantirdi. Soʻnggi yillarda ingliz tilini oʻqitish boʻyicha hukumatning qator qarori ijrosi taʼminlanayotgan boʻlsa ham, ona tili va uning metodikasini takomillashtirish boʻyicha bironta hujjat qabul qilinmaganligi, bunga harakat ham boʻlmaganligini haqli ravishda tanqid qilindi. Ona tilining nufuzini orttirish boʻyicha keng qamrovli ishlar boshlash zarurligini alohida uqtirdilar.
Davlat rahbarining taʼkidlaganidek, pedagogika oliy taʼlim muassasalari oldida endilikda muhim vazifalar turibdi. Maktablar bilan uzviy hamkorlik oʻrnatish, professor-oʻqituvchilarning maktablarni otaliqqa olib, dars berishlarini tashkil qilish boʻlajak pedagoglarni saralashga xalq taʼlimi sohasi uchun tayyorlanayotgan kadrlar sifatining oshishiga, yaratilayotgan oʻquv adabiyotlarini takomillashtirish omiliga aylanishi shubhasiz.
Sh.Yoʻldosheva,
Nukus davlat pedagogika instituti dotsenti, pedagogika fanlari nomzodi