Bosh qomusimiz xalq Konstitutsiyasiga aylanmoqda
Oliy Majlis Senati a’zolari hududlarda bo‘lib, aholi bilan samimiy muloqotlar o‘tkazmoqda. Unda yangilanayotgan Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati haqida batafsil ma’lumot berilyapti.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha umumxalq muhokamalarida farg‘onaliklar ham faol ishtirok etib, o‘z taklifini berdi. Muhokamalarda jami 222 ming 715 ta taklif kelib tushgan va ularning 25 foizi loyihaga kiritilgan. Loyihani tayyorlashda 400 dan ortiq xalqaro hujjatlar, 190 ga yaqin davlat tajribasi o‘rganilgan. Konstitutsiya moddalari 128 tadan 155 taga ko‘payib, normalar 275 tadan 434 taga oshgan. Bosh qomusimiz xalq Konstitutsiyasi sifatida baxtli kelajagimiz, farovon hayotimizning muhim hujjati bo‘la oladi.
Oliy Majlis Senati a’zosi Manzura Salimova mahallalarda, ta’lim muassasalaridagi uchrashuvlarda buni alohida ta’kidlamoqda.

Qo‘qon shahridagi targ‘ibot tadbirida talaba-yoshlarga yangilanayotgan Konstitutsiyaning muhim o‘zgarishlari haqida tushuntirishlar berildi.
–Referendum orqali Yangi O‘zbekistonning yangi tahrirdagi Konstitutsiyasini qabul qilish xalqimiz hayotidagi tarixiy voqeadir, – deydi senator M.Salimova. – Farg‘ona viloyatidagi uchrashuvlarimizda fuqarolarimizning mamlakat taqdiriga befarq emasligini guvohi bo‘lyapmiz. Darhaqiqat, yangilanayotgan Konstitutsiyada insonning huquq va erkinliklari kafolatlanyapti. Ayniqsa, yoshlarga oid yangi normalar kiritilyapti. O‘qituvchilarning sha’ni, qadr-qimmati ham himoya qilinib, unda aks etmoqda.
M.Sulaymonov, O‘zA