Bosh qomusimiz kichkintoylar nigohida
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida navqiron avlodni yuksak ma’naviyat, teran va sog‘lom tafakkur sohibi etib tarbiyalashning izchil mexanizmi yaratildi.
Har kim bilim olish huquqiga ega. Bepul umumiy ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlanadi.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, 41-moddasidan.
Asosiy qonunimizda Vatanimizning mustaqilligi, hududiy yaxlitligi, O‘zbekistonda yashayotgan barcha fuqarolarning huquq va erkinliklari, davlat, jamiyat oldidagi burch va mas’uliyati mustahkamlab qo‘yilgan. Ayniqsa, yoshlarning ta’lim olishi uchun berilgan imtiyozlar kelajak avlodning unib-o‘sishiga g‘amxo‘rlikdan dalolatdir. O‘quvchilarning sifatli ta’lim-tarbiya olishi, bilim va qobiliyatini ro‘yobga chiqarishi, sog‘lom o‘sishi, kelgusida kasb-hunar egallab, mohir mutaxassis bo‘lib yetishishida Konstitutsiyamizda belgilangan qoidalar muhim asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2001-yil 4-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini o‘rganishni tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoyishi mamlakatimiz ta’lim-tarbiya tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida yosh avlodning huquqiy bilim va savodxonligini yuksaltirish, huquqiy ta’limni yanada takomillashtirishda dasturilamal bo‘layotir.
Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi 304-maktabgacha ta’lim muassasasining katta va maktabga tayyorlov guruhlarida “Konstitutsiya saboqlari” mashg‘uloti qiziqarli va ta’sirchan vositalar yordamida tashkil etilmoqda. Muassasada Bosh qomusimizning 23-yilligi oldidan “Konstitutsiya – huquqimiz poydevori” shiori ostida huquqiy va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
...Ta’lim maskanining yana bir fayzli kuni boshlandi. Katta va kichik guruhdagi kichkintoylar jajji barmoqlarini ko‘ksiga qo‘yib, davlatimiz madhiyasini kuylaydi. Ular hali madhiyaning ma’no-mazmunini to‘la anglolmasa-da, mehr va ishtiyoq bilan har kuni kuylaydigan sevimli qo‘shiqlarida faxr-iftixor tuyg‘usini tuyadi.
Madhiya yakunlangach, tayyorlov guruhi tarbiyachisi Munira Eshmuhamedova bolalarga sodda, ularning yoshi va dunyoqarashiga mos keladigan usulda turli surat va bukletlar vositasida davlatimiz ramzlari, davlat tili, poytaxtimiz, pulimiz, fuqarolarning huquq va erkinliklari haqida hikoya qildi. Keyin savol beradi:
– Xo‘sh, bolajonlar, ayting-chi, Konstitutsiyamiz qachon qabul qilingan?
Bolajonlar chug‘urlashib, birin-ketin qo‘l ko‘taradi:
– Abdulaziz, qani sen ayt-chi?
– 1992-yil 8-dekabr kuni.
– Balli! Qani, endi kim aytadi: O‘zbekiston Respublikasi qanday davlat ramzlariga ega?
– Marjona! – deb ishora qiladi tarbiyachi.
– O‘zbekiston Respublikasi o‘z Bayrog‘i, Gerbi va Madhiyasiga ega.
– To‘g‘ri!
Farzandlarimizni go‘dakligidan o‘z haq-huquqlarini bilishga, davlat va jamiyat oldidagi mas’uliyatini teran his etishga o‘rgatish har birimizning burchimizdir. Bolalarni kichik yoshdanoq bilim olishga, qiziqishiga qarab kasb-hunar egallashga, malakali mutaxassis bo‘lib voyaga yetishga jalb qilishda, ularni har tamonlama yetuk inson qilib tarbiyalashda Konstitutsiya muhim rol o‘ynamoqda.
304-maktabgacha ta’lim muassasasida 511 bola tarbiyalanmoqda. Bu yerda ularning har tomonlama sog‘lom va barkamol insonlar bo‘lib voyaga yetishi uchun barcha sharoit yaratilgan.
– Bolalarning bilim olishga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish, ularning borliq, turli o‘quv predmetlariga oid ilk tasavvurlari, mehnatsevarlik, tirishqoqlik, zukkolik, faollik kabi fazilatlarining qaror topishida maktabgacha ta’lim maskanlarining o‘rni va ahamiyati beqiyosdir, – deydi muassasa mudirasi Shahnoza Oxunboyeva. – Bu yerdagi xorijiy tillar, badiiy gimnastika, raqs, shashka to‘garaklari, musiqa saboqlari va jismoniy tarbiya mashqlari, bolalarning yoshiga mos o‘yin va mashg‘ulotlar ularning aqlan ziyrak bo‘lib kamolga yetishiga xizmat qiladi.
Ushbu maskanda matematika, nutq o‘stirish, savodxonlik, atrof-muhit va tabiat bilan tanishish, musiqiy tarbiya bo‘yicha o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlar bolalarning dastlabki bilimlari, ongu tafakkuri, mantiqiy fikrlashi to‘g‘ri shakllanishiga yaqindan ko‘maklashadi. Ingliz tilini o‘rganishga oid darslar bolalarning xorijiy tillarni o‘rganishga doir bilimini 5-7 yoshdan mustahkamlab borsa, jismoniy tarbiya bo‘yicha mashqlar ularning jismonan barkamol inson bo‘lib voyaga yetishi, o‘g‘il-qizlarda qat’iyat, iroda, o‘ziga bo‘lgan ishonchning yanada kuchayishiga xizmat qiladi.
Har bir guruh xonasiga kiraverishdagi yo‘lakchadan o‘rin olgan bolalarning o‘ziga xos ijod namunalari – turli o‘yinchoqlaru rasmlar bolalarning mashg‘ulotlarda nechog‘li faolligi, dunyoqarashi, tafakkuri, iste’dodi, beg‘ubor orzu-istaklari haqida ma’lumot beradi. Ta’lim dargohida bolalarga ingliz tilida ham saboq beriladi. Tarbiyachi Zilola Komilovaning «Ingliz tili bilan do‘stlashamiz» o‘quv dasturi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan respublika maktabgacha ta’lim muassasalarida ommalashtirildi. Maktabga tayyorlov guruhidagi bolalarning davlatimiz ramzlari nomini ingliz tilida aytib, qisqacha so‘zlab bergani bizni hayratlantirdi.
Vatanimiz salohiyati va qudratini, xalqimizning turmush darajasini yuksaltirish borasida erishayotgan barcha muvaffaqiyatlarimiz Konstitutsiyamizda belgilab qo‘yilgan huquqiy asoslarga qat’iy amal qilayotganimizning samarasidir. Asosiy qonunimizning maktabgacha ta’lim muassasalaridan boshlab o‘rganilishi yoshlarning Vatanimiz mustaqilligining huquqiy, ma’naviy asoslarini teran anglab yetishi, huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirish, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy bilimining kengayishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.