Bolalarga yangi yil tuhfasi
Yangi yil kirib kelishi bilan barcha moʻjiza, sehrni hayajon bilan kuta boshlaydi.
Yangi yil kirib kelishi bilan barcha moʻjiza, sehrni hayajon bilan kuta boshlaydi. Ayniqsa, ushbu bayramni bolajonlar orziqib kutadilar.
Yangi yil arafasida saxovatpesha yurtdoshlarimiz tomonidan koʻngli oʻksik bolalar holidan xabar olish, ular uchun bayram dasturxoni bezash yaxshi anʼanaga aylangan. Jumladan, Qoʻqon shahridagi 12-Mehribonlik uyi hamda Goʻdaklar uyi tarbiyalanuvchilari uchun tashkil etilgan Yangi yil bayrami oʻgʻil-qizlarni cheksiz quvontirdi.

Bolalik olami hayrat va begʻuborlikka toʻla. Ozgina mehr-eʼtibor ham ularning tabassumiga sabab boʻladi. Yangi yil bayrami munosabati bilan muhtasham “Oʻrda” tantanalar saroyida bezatilgan archa bolajonlarga xursandchilik ulashdi. Sehrli voqealar, unutilmas lahzalarga boy konsert dasturi namoyish etildi. Sanʼatkorlar ijrosidagi qoʻshiqlar multfilm hamda ertak qahramonlari ishtirokidagi moʻjizaviy sarguzashtli sahna koʻrinishlariga ulanib ketdi. Unda bolajonlarning oʻzlari ham bevosita qatnashdilar.

Bayram oldidan yozilgan Yangi yil dasturxoni, qiziqarli tomoshalar oʻgʻil-qizlarda katta taassurot qoldirish bilan birga, yosh avlod qalbida ezgulik, vatanparvarlik tuygʻularini mustahkamladi.