BOLALARDEK BEGʻUBOR BOʻLAYLIK
Bayram birinchi marotaba 1950-yilda dunyoda bayram sifatida nishonlana boshlangan.
1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni
Internet xabarlariga koʻra, 1925-yil Jenevada bolalar farovonligiga bagʻishlangan Butunjahon konferensiyasida qabul qilingan qarorga asosan 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni qilib belgilangan. Bayram birinchi marotaba 1950-yilda dunyoda bayram sifatida nishonlana boshlangan.
– Bu bayram butun dunyo bolalari uchun quvonchli lahzalarga boy bayram hisoblanadi, – dedi OʼzLiDeP Sirdaryo viloyati kengashi apparat rahbari Shohista Bozorboyeva. – Albatta, bola bu dunyo, bola bu hayot, bola bu umrimiz mazmuni, butun borligʻimiz hisoblanadi. Bolalar oʻzlarining tabassumlari bilan bir zumda Sizni oʻzlarining begʻubor olamlariga olib kiradi. Bolajonlar davrasida hayotga boʻlgan muhabbatni yana-da ortganini his qilasiz.
Partiya viloyat kengashi xodimlari bayram munosabati bilan Mirzaobod tumanidagi xonadonlarga tashrif buyurib bolajonlarga ertak va badiiy kitoblar sovgʻa qildi.
Bolalarni himoya qilish kuni bayramining yana bir eʼtiborli jihati, keng jamoatchilik diqqatini muammoli bolalarga, ularning huquqlarini himoya qilishga, himoyalangan dunyoda yashash imkoniyatlariga, baxtli bolalikka ega boʻlishlariga va oʻz mamlakatining toʻla-toʻkis va xotirjam fuqarosi boʻlib oʻsishlariga qaratilgandir.
Ana shu munosabat bilan viloyat kengashi deputati B.Kenjayev, tuman kengashi deputati A.Odilov hamda OʼzLDeP Boyovut tuman kengashi apparat rahbari M.Dadayevalar “Madaniyat” mahalla fuqarolar yigʻinida istiqomat qiluvchi ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar xolidan xabar olishdi. Bolajonlarga oʻzlarining sovgʻa-salomlarini topshirishdi. Shuningdek, Boyovut tuman kengashi deputati G.Karshiboyeva ham “Oʻzbekiston” mahallasidagi U.Anorqulova, B.Anorkulova va B.Soyibnazarovlarga bayram munosabati bilan oʻz sovgʻa- salomlarini topshirdi.
Xalq deputatlari Boyovut tuman kengashi deputati X.Kurbonova ham bu xayrli tadbirdan chetda qolmadi. U “Doʻstlik” mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalardagi bolajonlarni oʻz sovgʻa-salomlari bilan xushnud etdi.
Ayni paytda Sayxunobod tumanidagi “Baxmalsoy ” mahalla fuqarolar yigʻini hududida Sardoba suv ombori toshqinidan zarar koʻrgan oilalar ham istiqomat qilmoqda. Sayxunobod tuman kengashi deputati Inomjon Usmonov ana shu oilalar farzandlari huzurida boʻlib ularga bayram munosabati bilan oʻz sovgʻalarini topshirdi.
Husan Jabborov,
OʼzLiDeP Sirdaryo viloyati Kengashi
Yoshlar bilan ishlash boʻlimi mudiri