Bolalar uchun xayriya tadbiri
Toshkent shahridagi 25-sonli imkoniyati cheklangan bolalar maktab- internatida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyi va “Vaqf” xayriya jamoat fondi hamkorligida Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bag‘ishlab “Bolaning begonasi bo‘lmaydi” mavzuida xayriya tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbir doirasida Sharq miniatyura san’ati muzeyi xodimlari Saida Jalilova hamda Baxtiyor Dedashevlar tomonidan miniatyura va xattotlik yo‘nalishlari bo‘yicha mahorat darslari o‘tkazildi.
Shuningdek, Yangiyo‘l shahar 11-sonli imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan yordamchi maktabning 9“b”-sinf o‘quvchisi yosh rassom Asror Xolmaxmatovning shaxsiy ko‘rgazmasi va ommaviy sayr tomoshalari tashkil etildi.
A.Xolmaxmatov 2005 yili Toshkent viloyatida tavallud topgan. Qahramonimiz kichik bo‘lsada, yuragida katta orzulari bor. Hozirgi kunda Asrorbek tasviriy san’at yo‘nalishi bo‘yicha ijodiy izlanishlar olib bormoqda.
[gallery-2608]
U yurtimizda yashab ijod qilgan ajdodlarimiz, mashhur siymolarning rasmlarini va tabiat manzaralarini chizishga ixlosmand. Eng katta orzusi kelajakda mashhur rassom bo‘lishdir.
Tadbirda Asrorbekning 30 ga yaqin saralangan asari namoyish etildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA