Bolalar internetdan nima maqsadda foydalanyapti?
Bolalarning vaqtini unumli o‘tkazishi uchun sharoit yaratish va bo‘sh vaqtida foydali mashg‘ulotga yo‘naltirish juda muhim ahamiyat kasb etadi. Mobil qurilmalar va internet ommalashuvi esa ushbu mashg‘ulotlarni “onlayn”ga almashtirib qo‘yayotgandek. Aholining bu mavzuda fikrlarini o‘rganish maqsadida “Yuksalish” harakati tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari bolalar va internet o‘rtasidagi murakkab munosabatlarga yorqin misol bo‘la oladi. 1 ming 935 nafar ota-onaning fikriga asoslangan tahlil nafaqat statistik raqamlar, balki raqamli muhitda ulg‘ayayotgan avlod ruhiyatining real holatini ko‘rsatib bermoqda.
So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, 64 foiz bola internetdan ta’lim olish maqsadida foydalanar ekan. Bu raqamlar ijobiy holat sifatida baholanishi mumkin. Demak, internet to‘g‘ri yo‘naltirilsa, bola rivoji uchun katta imkoniyatlarni ochadi. Biroq, shu bilan birga 7 foiz bola kuniga 6 soatdan ortiq vaqtini telefonda o‘tkazayotgani xavotirli holatdir.

Yana bir diqqatga sazovor jihat, 10 foiz ota-ona farzandining internetdagi faoliyatini deyarli yoki umuman nazorat qilmasligini tan olgan. Bu degani, har o‘ninchi bola raqamli dunyoda erkin, lekin xavfli makonda yolg‘iz qolmoqda. Zamonaviy ota-onalarning muhim vazifalaridan biri bolalarning internetdagi faoliyatini nafaqat cheklash, balki yo‘naltirish ham bo‘lishi kerak.
Ota-onalar internet sababli bolalarda kuzatilayotgan asosiy muammolarni quyidagicha belgilagan:
35% – Vaqtni bekor sarflash
30% – Sog‘liq va uyqu buzilishi
21% – Asabiylik va tez jahl qilish
8% – Diqqatni jamlay olmaslik
Bu belgilar raqamli texnologiyalar bolaning psixologik barqarorligi, diqqat-markazi, hatto shaxsiy odatlariga ham ta’sir ko‘rsatayotganini anglatadi. Ayniqsa, sog‘liq va ruhiy holatdagi o‘zgarishlar bolaning umumiy rivojlanishiga jiddiy salbiy ta’sir qilishi mumkin.
So‘rovnoma natijalari raqamli dunyoda ulg‘ayayotgan bolalarning ehtiyojlari va muammolari endilikda befarq qaraladigan masala emasligini ko‘rsatdi. Bu jamiyatda jiddiy e’tibor talab qiladigan dolzarb masalaga aylanmoqda.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA