“Bolalar harakati” sardorlari saylandi
Namanganda viloyat yoshlar ishlari boshqarmasi O‘zbekiston mahallalar uyushmasi viloyat boshqarmasi hamkorligida O‘zbekiston bolalar tashkiloti – “Bolalar harakati” doirasida hududiy sardorlar saylovining viloyat bosqichi tashkil etildi.
Mamlakatimizda yoshlarga oid tashabbuslarni amalga oshirish, bolalar o‘rtasida yetakchilik qobiliyatini rivojlantirish maqsadida o‘tkazilan mazkur tadbir bolalarni har tomonlama yetuk, faol, mas’uliyatli va vatanparvar shaxs sifatida tarbiyalash, ularning jamiyat hayotidagi ishtirokini kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Tadbirning tantanali ochilishida Namangan viloyat yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Alisherbek Akbarov, O‘zbekiston bolalar tashkiloti viloyat bo‘limi boshlig‘i Jahongir Rashidov, Toshkent iqtisodiyot va texnologiyalar universiteti Namangan filiali rektori Azizbek Ahmedov o‘sib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning tashabbuslarini ro‘yobga chiqarishda bu kabi tanlovlar muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
[gallery-27694]
Mazkur saylovlar bolalarning ijtimoiy faolligini oshirish, liderlik salohiyatini rivojlantirish, ularni kelajakda jamiyatga foydali, mas’uliyatli va tashabbuskor shaxslar etib voyaga yetkazishga xizmat qilmoqda.
Viloyat bosqichida, hududiy shahar, tuman bosqichlarida saralangan ishtirokchilar viloyat sardorligi uchun bellashdi. Unda 10 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan 126 nafar nomzod sinovdan o‘tdi. Sardorlar to‘qqizta yo‘nalishdan birini tanlab, o‘z iqtidorini to‘laqonli namoyon etishga intildi.
Saylov yakunlariga ko‘ra, eng ko‘p ovoz to‘plagan to‘qqiz nafar tashabbuskor va lider bolalar viloyat sardori etib saylandi. G‘oliblikni qo‘lga kirititgan bolalar harakati sardorlari “Bosh sardor", “Jasorat” sardori, “Ibrat farzandlari” sardori, “Ustoz AI” sardori, “Yashil makon” sardori, “Mutolaa” sardori, “Qizlar akademiyasi” sardori, “Iqtidor” sardori, "Matbuot va media" sardori kabi yo‘nalishlarda faoliyat olib boradi.
Tadbir yakunida hamkor tashkilot vakillari tomonidan viloyat sardorlariga “ishonch yorlig‘i” va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA