Bolajonlar miriqib dam olishadi
Ayni paytda so‘lim go‘shalardagi bolalar oromgohlari bolajonlarning sho‘x-shodon ko‘lgusi bilan to‘la. Yozgi ta’tilni mana shunday so‘lim go‘shalarda o‘tkazgan qanday yaxshi.
Ammo hamma bolajonlar ham bunday imkoniyatga ega emas. Shu bois “Mahalla” xayriya jamoat fondi Qashqadaryo viloyati bo‘limi xayrli tashabbusni amalga oshirdi. Hududlardagi kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlarini oromgohlarda dam olishiga imkon yaratdi.

Jumladan, “Mahalla” xayriya jamoat fondi Qashqadaryo viloyati bo‘limi hisobidan Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida joylashgan “Mirzo Ulug‘bek” nomli oromgohga 7 ta tumandan jami 20 nafar bolajon dam olishga yuborildi.
–Bu xayrli ishimiz hali davom etadi, – deydi fondning viloyat bo‘limi rahbari Nurali Mahmatov. – Ayni paytda bolalar oromgohlarida ikkinchi mavsum ketyapti. Uchinchi mavsumda ham yana 20 nafar kam ta’minlangan oila farzandlari jo‘natiladi. Maqsadimiz bolajonlarga quvonch ulashish, ularning yozgi ta’tilni maroqli o‘tkazishlariga ko‘maklashish. Bolajonlar oromgohda 10 kun davomida dam oladi.

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri