Bo‘lajak sudyalarning savodxonligi oshirilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligida AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligining O‘zbekistonda huquqiy islohotlar dasturi ko‘magidagi “Intellektual mulk himoyasi hamda intellektual mulk sohasida nizolarni ko‘rib chiqish” mavzuidagi o‘quv-treningi bo‘lib o‘tdi.
Bo‘lajak sudyalarni intellektual mulk sohasidagi nizolarni hal qilishda milliy va xalqaro qonunchilik bilan, jahondagi intellektual mulk sohasidagi sud ishlari hamda qabul qilingan qarorlar bilan yaqindan tanishtirish, maqsadida tashkil etilgan tadbirda xorijiy mehmonlar, mamlakatimiz sudyalari hamda Intellektual mulk agentligi mutaxassislari ishtirok etdi.
Prezidentimizning joriy yil 28 yanvardagi “Intellektual mulk ob’ektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan mamlakatimiz sudyalarining intellektual mulk huquqi, intellektual mulk sohasida nizolarni ko‘rib chiqish, shuningdek, intellektual mulk bilan bog‘liq bo‘lgan nohalol raqobatga barham berish bo‘yicha bilim va tajribalarini oshirish yuzasidan vazifalar belgilangan.

Seminar davomida AQSHning intellektual mulk bo‘yicha yetakchi mutaxassisi Poli Mayer hamda Ukrainaning “Dubinskiy – Osharova” patent-yuridik agentligi boshqaruvchi hamkori Mixail Dubinskiy intellektual mulk tushunchasi va asoslari, patent huquqi rivojlanishi tarixi, patent mohiyati va patent tizimining vazifalari, intellektual mulk sohasida xalqaro hamkorlik to‘g‘risida ma’lumot berib o‘tishdi.
– Tahlillarning ko‘rsatishicha, intellektual mulk bilan bog‘liq nizolar soni yildan yilga ortib bormoqda, –dedi Intellektual mulk agentligi axborot xizmati rahbari Feruz Jo‘rayev. – Xususan, 2020 yilda sud organlari tomonidan 185 ta ish ko‘rilgan bo‘lsa, bu yil yil yanvar-sentyabr oylari davomida bu ko‘rsatkich 183 taga yetdi. Joriy yilning yakuniga qadar bu ko‘rsatkich yanada ortishi kutilmoqda.

Mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan islohotlar, tadbirkorlik sub’ektlari sonining oshishi va raqobat muhitining kuchayishi kelgusida ham intellektual mulk bilan bog‘liq nizolar sonining oshib borishi to‘g‘risida xulosa qilishga asos bo‘ladi. Mazkur muammolarga barham berish maqsadida agentlik tomonidan doimiy ravishda xalqaro mutaxassislarni jalb etgan holda o‘quv-treninglar tashkil etilmoqda.
Shuningdek, tadbirda Patent hamkorligi to‘g‘risida shartnoma (RST), Belgilarni xalqaro ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi Madrid Bitimi va Bayonnomasi, Tovar belgilari bo‘yicha qonunlar to‘g‘risidagi, Patent qonunchiligi to‘g‘risidagi, Patent jarayonlari maqsadlari uchun mikroorganizmlarni deponenlashtirishni xalqaro tan olish to‘g‘risidagi Budapesht shartnomalari intellektual mulk ob’ektlari xalqaro muhofazasini ta’minlovchi hujjatlar bilan yaqindan tanishtirildi.

Seminarda tinglovchilar intellektual mulk ob’ektlari huquqiy muhofazasini ta’minlashda milliy va xalqaro amaliyot bilan yaqindan tanishish jarayonida savol-javob tarzida o‘z bilimlarini mustahkamlashdi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA