Bo‘lajak huquqshunoslar huzurida
Namangan yuridik texnikumida Prezidentimizning 2024-yil 21-fevraldagi farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining mazmun-mohiyatini aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilishga bag‘ishlangan amaliy anjuman o‘tkazildi.
O‘zbekiston Sudyalar assotsiatsiyasi, Namangan viloyat sudi raisi, o‘rinbosarlari, viloyat sudi sudyalari va soha xodimlari, faxriy sudyalar, texnikum rahbariyati hamda talabalar ishtirok etgan tadbirda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining sud-huquq tizimiga tegishli bo‘lgan maqsad va ko‘rsatkichlari xususida notiqlar tomonidan aniq maqsadlarga asoslangan tahliliy mulohazalar bildirildi.


O‘tgan yillar davomida Sudyalar assotsiatsiyasi tomonidan ishlab chiqilgan alohida dastur- rejaga binoan inson qadrini ulug‘lash, sudyalarni qonun va adolatni qaror toptirishga pok vijdon bilan xizmat qilishga undaydigan yangi tizim yaratildi. Xususan, sudyalar, sud xodimlari hamda yuridik texnikum talabalari bilan ustoz faxriy-sudyalarni bir-biriga yaqinlashtiruvchi muloqot jarayonlari yo‘lga qo‘yildi. Bu yosh sudyalarning kasbiga bo‘lgan munosabati ijobiy tomonga o‘zgarishiga, fuqarolarning sud organlari tizimidan roziligiga erishishga xizmat qilmoqda.

Amaliy konferensiya yakunida texnikum jamoasiga Sudyalar assotsiatsiyasi va viloyat sudi tomonidan kitoblar jamlanmasi hamda “Huquqshunos” jurnalining nusxalari esdalik sifatida topshirildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri