“Bola, o‘yin va pedagog” loyihasi bo‘yicha seminar o‘tkazildi
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi va Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) tomonidan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyiha doirasida o‘yinga asoslangan ta’limni joriy etish bo‘yicha o‘quv-amaliy seminar tashkil etildi.
“Bola, o‘yin va pedagog” loyihasi — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi tegishli farmoniga muvofiq, maktabgacha ta’lim tizimida o‘yinga asoslangan zamonaviy ta’lim usullarini joriy etish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Loyiha bog‘chalarda ta’lim jarayonini bolaning yoshi va psixologik xususiyatlariga mos ravishda, o‘yin orqali tashkil etish va bu borada pedagoglarning mahoratini oshirishni ko‘zda tutadi.
Ushbu loyiha Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan birgalikda amalga oshirilmoqda. Janubiy Koreyaning maktabgacha ta’lim sohasidagi ilg‘or tajribasi va mutaxassislari jalb etilgan.
Loyiha doirasida KOICA mutaxassislari ishtirokida oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, bog‘cha direktorlari va metodistlari uchun maxsus seminar-treninglar tashkil etilmoqda.
Seminar davomida o‘yinga asoslangan ta’limning nazariy asoslari, bolalarning yosh va psixologik xususiyatlarini inobatga olgan holda ta’lim jarayonini tashkil etish, o‘yin orqali bolalarda ijodkorlik, mustaqil fikrlash, muloqot va ijtimoiy ko‘nikmalarni shakllantirish usullari atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, o‘quv-amaliy seminar davomida poytaxtimizning kator davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida o‘yinga asoslangan ta’lim-tarbiya jarayonlarida bolalar faoliyatlari kuzatildi.
N.Usmonova,
O‘zA