Bokudan Samarqandga parvozlar yo‘lga qo‘yiladi
Oktyabr oyidan boshlab Ozarbayjonning AZAL milliy aviatashuvchisi O‘zbekistonning yana bir shahri — Samarqandga parvozlarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda, deya xabar bermoqda Ozarbayjon haqqin.az sayti.
Shuningdek, Ozarbayjon Havo yo‘llari Boku-Toshkent-Boku yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar chastotasini haftasiga 5 martagacha oshiradi.
Hozirda ikki poytaxt o‘rtasida muntazam qatnovlar dushanba, chorshanba va shanba kunlari yo‘lga qo‘yilgan, tez orada payshanba va yakshanba kunlari ham amalga oshiriladi.
Yaqin kunlarda aviakompaniyaning rasmiy sayti – www.azal.azda aviachiptalar savdosi boshlanadi. AZALning shu va boshqa reyslari uchun aviachiptalarni akkreditatsiyadan o‘tgan aviatashuvchi agentliklaridan ham xarid qilish mumkin.
Ko‘rsatilgan tashish shartlariga javob beradigan va amaldagi epidemiologik cheklovlar bo‘yicha parvoz qilishga ruxsat berilgan yo‘lovchilar ushbu reyslarga qabul qilinadi.
O‘zA