Bokuda birinchi Turkologiya qurultoyining 100 yilligi keng nishonlanadi
Turkiy xalqlarning tarixiy ilmiy-madaniy merosini asrab-avaylash, turkolog olimlarning o‘zaro hamkorligini yangi bosqichga olib chiqish hamda turkiy dunyo birligini mustahkamlash maqsadida Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida Birinchi Turkologiya qurultoyining 100 yilligiga bag‘ishlangan yirik anjumanlar o‘tkaziladi. Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning tegishli Farmoni ijrosi doirasida tashkil etilayotgan ushbu nufuzli tadbirlar “Turkiy dunyo haftaligi” maqomida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Joriy yilning 29-iyunidan 3-iyuliga qadar davom etadigan ushbu haftalik Ozarbayjon Madaniyat vazirligi, Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi (OMFA) hamda Ilm-fan va ta’lim vazirligi tomonidan yuqori saviyada tashkil etilmoqda. Shuningdek, nufuzli xalqaro tadbirni o‘tkazishda Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT), TURKSOY, Boku davlat universiteti, Turkiy akademiya hamda Turkiy madaniyat va meros fondi yaqindan hamkorlik qilmoqda.
Haftalikning markaziy voqeasi sifatida «Birinchi Turkologiya qurultoyi: yuz yillik ilmiy va madaniy meros» mavzusidagi xalqaro kongress belgilangan. Ushbu xalqaro anjumanning rasmiy ochilish marosimi muhtasham Haydar Aliyev markazida bo‘lib o‘tadi. Kongress ishida dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan tashrif buyuradigan 80 nafardan ziyod taniqli turkolog olimlar, yetakchi ekspertlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda. Bundan tashqari, Boku davlat universiteti bazasida ham yirik xalqaro konferensiya tashkil etiladi.
Tadbirlar dasturiga ko‘ra, 30-iyun kuni OMFA Prezidiumi binosida ilmiy panel muhokamalari, shu kuni kechqurun Dengiz bo‘yi milliy bog‘ida keng jamoatchilik uchun katta konsert dasturi namoyish etiladi.
Anjuman ishtirokchilari 1-iyul kuni Ozarbayjonning tarixiy hududi — Qorabog‘ o‘lkasiga (Ag‘dam, Shusha, Xonkendi shaharlariga) sayohat qiladi. Ag‘dam Mug‘om markazida Husayn Jovidning mashhur “Iblis” spektakli ishtirokchilar e’tiboriga havola etiladi. 2-iyul kuni esa Qorabog‘ universitetida navbatdagi panel muhokamasi o‘tkazilib, unda turkologiya fanining keyingi asrdagi ustuvor yo‘nalishlarini belgilab beruvchi tarixiy Yakuniy hujjat (Deklaratsiya) qabul qilinishi ko‘zda tutilgan. Shu kuni Boku shahridagi Tarix muzeyida yubiley ko‘rgazmasi hamda Milliy kutubxonada Turkiy dunyo kutubxonalari ittifoqining konferensiyasi bo‘lib o‘tadi.
“Turkiy dunyo haftaligi” 3-iyul kuni Milliy san’at muzeyida “Ali bek Husaynzoda” mavzusidagi ilmiy seminar hamda Nizomiy kino markazida maxsus film namoyishi bilan o‘z ishini yakunlaydi.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, 1926-yilda Boku shahrida bo‘lib o‘tgan Birinchi Turkologiya qurultoyi turkiy xalqlar tarixida, xususan, alifbo islohoti, adabiy til me’yorlarini shakllantirish va umumiy madaniy integratsiya jarayonlarida tub burilish nuqtasi bo‘lgan edi. Oradan bir asr o‘tib o‘tkazilayotgan ushbu yubiley tadbirlari nafaqat o‘tmish merosga hurmat, balki bugungi kunda Yangi davrni bosib o‘tayotgan Turkiy dunyoning ilmiy, madaniy va siyosiy jihatdan jipslashishini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘zA