Boku va Yerevan orasiga kim tushadi?..
Jumadan jumagacha
Yaqinda Myunxenda o‘tgan xavfsizlik bo‘yicha konferensiya doirasida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan va AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken ishtirokida uch tomonlama uchrashuv o‘tkazildi. Amerikalik siyosatchining ta’rifi bilan aytganda, “o‘ttiz yildan oshiq inqirozdan keyin mustahkam tinchlik o‘rnatishga qaratilgan tarixiy imkoniyatidan foydalanib qolish kerak”.
Ekspertlar dastlab “uchlik” yig‘ilishida AQSH o‘zini vositachi, deb ataganiga e’tibor qaratdi. Bu gal maqom o‘zgardi...
Ayni to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotdan ko‘zlangan maqsad – Rossiyani tinchlikparvar jarayondan surib chiqarish, deyishdi boshqa tahlilchilar.
Bundan tashqari Bokuni Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida qator shartlar qo‘yib, tinchlik bitimi imzolashga undayotgan Turkiya bilan hamkorlikdan voz kechtirish umidi ham bordek.
Mintaqada yuzaga kelgan muammo oqibatida 2022 yil oxirida Rossiya, Armaniston va Ozarbayjon TIV rahbarlari “tinchlik shartnomasi” loyihasi muhokamasi bo‘yicha Moskva uchrashuviga Pashinyan kelmadi. O‘shanda u hamkasblaridan uzr so‘rashni ham o‘ziga ep bilmadi. Lavrov esa “arman hamkasbimizning qatnashmasligini matbuotdan bildim”, degan.
Moskvaning yangi muddatda uch tomonlama uchrashuv o‘tkazish niyati esa hali amalga oshmadi.
27 fevral kuni Bokuga borgan Lavrov Aliyev qabulida bo‘ldi va joriy yil Boku bilan Yerevan munosabati yaxshilanishida burilish yasalishiga umid bildirdi...
Bir hafta avval Pashinyan Bokuga “uzviy kelishuv loyihasi”ni taqdim etganini, hujjatni imkon qadar tezroq imzolashga tayyor ekanini bildiradi. Matbuotga sizdirilgan arman formulasiga ko‘ra, avvalo, Ozarbayjon bilan tinchlik bitimi imzolanadi, keyin chegarani demilitatsiya qilish va transport yo‘llarini ochish masalasi ko‘rib chiqiladi.
Bu ikkinchi Qorabog‘ urushini to‘xtatgan, 2020 yil 9 noyabrda kuchga kirgan Rossiya-Ozarbayjon-Armaniston uch tomonlama kelishuvini bekor qiladi.
Gap-so‘z davom etar ekan, Yevropa Ittifoqi Ozarbayjon bilan uzoq muddatli monitoring missiyasini Yerevanga yuborishini ma’lum qiladi. Bu o‘zi chigal vaziyat yana-da chigallashishiga olib kelishi mumkin.
Myunxendagi yig‘ilishda ozar tomoni “uchlik” muloqotini “konstruktiv” atab, Moskvaning sa’y-harakatini puchga chiqardi. Qolaversa, Aliyev Vashington va Bryussel qarashiga xayrixohligini qayd etib, “Qorabog‘ Ozarbayjonniki, tashqi kuchlarning ichki ishimizga aralashishga haqi yo‘q”, dedi qat’iy.
Bir tomondan, muammoga oydinlik kiritilgandek, ammo boshqa tomondan, Turkiya omili ham bor.
Ikki hafta oldin Anqaraga borgan Armaniston tashqi ishlar vaziri Ararat Mirzoyan maslakdoshi Mavlud Chavusho‘g‘li bilan “ikki davlat o‘rtasida transport yo‘llarini ochishga tayyorgarlikni tezlashtirish”ga kelishib oldi.
Ekspertlar taxminiga ko‘ra, har holda, Erdog‘an va Pashinyan uchrashuviga hozirlik ko‘rilmoqda. Demak, Boku-Yerevan mojarosiga qaramay, o‘zaro diplomatik munosabat tiklanadi, chog‘i.
Avvalroq Anqara va Yerevan to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo tashuvi va sarhadlarni uchinchi davlat fuqarolariga ochish to‘g‘risida kelishib olgan edilar.
Qisqasi, Kavkaz ortida geosiyosiy intriga davom etmoqda.
Boku va Yerevan orasiga Moskva tushadimi yoki Vashington? Anqaraning roli nimadan iborat bo‘ladi?
Buni vaqt ko‘rsatadi.
Afg‘oniston osmonida qora bulutlar...
O‘tgan hafta Kobulga kutilmagan tashrif bilan Pokiston mudofaa vaziri Xavaja Asif boshchiligidagi delagatsiya kelib-ketdi. Mehmonlar muvaqqat hukumat rahbari o‘rinbosari, tashqi ishlar va mudofaa vazirlari hamda razvedka boshqarmasi yetakchisi bilan muzokara o‘tkazdi. Asosiy mavzu – Kobul Pokiston bilan “Torxam” chegara punktini yopgani...

Islomobod fikricha, “chegara yopilishi o‘zaro savdoni og‘irlashtiradi, Pokistonni Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan bog‘laydigan muhim tijorat yo‘liga zarar yetkazadi”.
Ekspertlar masala faqat shundagina bo‘lganda, muammoni ikki davlat tegishli idoralari hal qilib qo‘yardi, deyishdi...
“The Express Tribune” nashriga ko‘ra, uchrashuvda Kobuldan Pokistonga tahdid solayotgan terrorchilarga jiddiy qarshi turish talabi qo‘yildi.
Myunxenda o‘tgan xavfsizlik konferensiyasida tashqi ishlar vaziri Biloval Bxutto Zardoriy “Afg‘onistondagi terror guruhlariga e’tibor qaratilmas ekan, bu kelajakda nafaqat Pokiston, balki G‘arbga ham tahdid soladi”, deya xavotirini bildirdi.
Rosa bir yil-ki, Afg‘onistondagi harbiy-siyosiy vaziyat ancha og‘ir. «Texriki Tolibon-Pokiston» (TTP) tashkilotini afg‘on Tolibonining ayrim jangarilari va qo‘mondonlari qo‘llamoqda. Afg‘onistondagi jihodni Pokistonga o‘tkazish haqida gaplar ham bor. Islomobod ma’lumotiga ko‘ra, Afg‘oniston hududida besh mingga yaqin jangari bor, boshqa manbalar ular sonini 8-12 ming deydi...
Aslida, hozir Islomobodni Kobul inklyuziv hukumatini shakllantirish ishi qiziqtiradi. Pokiston yangi tarkibga TTPga qarshi tura oladigan g‘oyaviy va siyosiy tarafdorlar ko‘proq kirishini istaydi.
Tolibonning ikki davlatdagi xayrixohlari, asosan, etnik pushtunlardan iborat. Afg‘oniston va Pokiston Islom Respublikalarini tugatib, bu ikki davlatning ayrim hududlarini qo‘shib, “Katta Pushtiniston”ni yaratish singari geosiyosiy xayol ham yo‘q emas.
Tolibon hokimiyatidan norozi tomonlar ham bor. Muvaqqat hukumat ayrim a’zolarining Amir-ul mo‘’mininni xalqaro hamjamiyat bilan ayollar huquqi bo‘yicha kelishuvga erishish to‘g‘risidagi harakati natija bermagani Harakat ichida qarama-qarshilik va keskinlik kuchayishi haqidagi mish-mishlarga sabab bo‘ldi.
Okean orti mamlakati xatosini tuzatish uchun kuch ishlatish yo‘li bilan to‘ntarish tashkil etish o‘ylanyapti, deydi ekspertlar. Bu pokistonliklar uchun ham ma’quldek. Ayni masala yuzasidan Amerika qator davlatlar bilan maslahatlashuvni boshlab yuborgan.
AQSHning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Tom Uest shu ishning boshida turibdi.
“Anadolu” agentligi ma’lumotiga ko‘ra, Afg‘oniston yangi hukumati aprelda shakllantirilishi kerak.
Va oxirgisi. Ahmad Ma’sud boshchiligida tojik va boshqa kam sonli etnik guruhlarni birlashtirgan Milliy qarshilik fronti Afg‘oniston shimolida faollashmoqda.
Yaqinda Afg‘oniston sobiq vitse-prezidenti Amrulla Solih Tolibonning mamlakat poytaxtini Kobuldan Qandahorga ko‘chirish hamda ulamolar oliy kengashini o‘sha yerga joylashtirish rejasi borligi haqida gapirgan edi. Afg‘on ekspertlari aytishicha, bu muvaqqat hukumatning ko‘p millatli Kobulda emin-erkin ishlab ketishga ko‘zi yetmayotganini anglatadi.
Eng og‘ir muammo shundaki, mamlakatda keng miqyosli ijtimoiy-iqtisodiy va gumanitar inqiroz shiddat bilan chuqurlashmoqda.
Buning ustiga Tolibon hanuz tashqi dunyoni Afg‘onistonning yangi hukumati ekaniga ishontirolmayapti.
Hozirga qadar Saudiya Arabistoni elchixonasi xodimlari Kobuldan chiqib ketishdi, pokistonlik diplomatlar ham shu harakatda, Xitoy hokimiyati esa Kobuldagi, asosan, xitoyliklar istiqomat qiladigan «Kabul Longan Hotel» mehmonxonasiga uyushtirilgan terror harakatidan so‘ng o‘z fuqarolariga Afg‘onistonni tark etishni tavsiya qildi...
Yevropa gazsiz qolmadi...
2020 yil rus gazining 78 foizi G‘arbiy Yevropaga sotilgan. O‘tgan yil yoziga kelib, Yevropa gaz importining 40 foizi, ya’ni taxminan 175 milliard kub/metr yonilg‘isi Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelgan. Moskva 31 avgustda “Shimoliy oqim” quvuridan borayotgan gazni vaqtincha to‘xtatdi. Sentyabr oxirida bu ikki oqimdan keladigan quvur portladi...
Qish Yevropaga keltirdi tashvish.

Yordam uzoq Amerikadan keldi. Davlat kotibining energiya resurslari bo‘yicha yordamchisi Jeffri Payett aytishicha, Qo‘shma Shtatlar 2022 yil Yevropaga 70 milliard kub/metrdan ziyod suyultirilgan tabiiy gaz yetkazib berdi. Bu raqam avvalgi yilga nisbatan ikki barobar ko‘p.
Gaz zaxirasiga boy Qatar, Quvayt, Jazoir, Bahrayn, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni yevropaliklar joniga oro kirolmadi. Faqat Qatargina Angliyani fors-major vaziyatdan qutqardi...
Buyog‘i “o‘zing uchun o‘l yetim”. Yevropa mamlakatlari favqulodda qayta tiklanadigan manbalar hisobidan elektr energiyasi ishlab chiqarishni kengaytirishdi. “Ember Climate” tadqiqot markazi ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yil fevral oyidan beri YeIda quyosh va shamol yordamida 50 teravatt/soatdan ziyod elektr energiyasi ishlab chiqarildi, bu 90 teravatt/soat gaz importiga to‘g‘ri keladi. Natijada avvallari chetdan gaz sotib olishga ketgan 12 milliard yevroni tejashga erishildi.
Iqtisodchi olimlar ta’kidicha, quvvat kengayishi hamda shamol va quyosh stansiyalarining qulay meteo sharoiti tufayli rosa bir yil ichida YeI hududida rekord darajada elektr energiyasi ishlab chiqarishga erishildi. Yevropa elektr energiyasining, taxminan, 23 foizini mazkur manbalardan olgan, bu “yashil energetika”ga o‘tilgan avvalgi yillarga nisbatan eng yuqori ko‘rsatkich.
Yana bir muhim nuqta shundaki, YeIda tabiiy gazdan foydalanish sezilarli ravishda qisqargan, shunga yarasha gaz importi besh foiz kamaygan.
Yevropaning gaz bo‘yicha muammosida Ukraina omili asosiy o‘rinni egallaydi. Mojaro boshlanishi bilan YeI rus energiyasidan bosqichma-bosqich voz kechishni nazarda tutuvchi sanksiyani e’lon qildi. Rossiya ham 2022 yil yoziga kelib, bunga javoban, Yevropa mamlakatlariga gaz yetkazib berishni bir tomonlama tarzda rad etdi.
Tarix guvohlik berishicha, Yevropa rus energiya resurslariga sovet davridayoq bog‘lanib qolgan. Mintaqa 1980-yillarda sharqiy qo‘shnidan gaz sotib ola boshlagan. Natijada Ukraina hududida gaz-transport tizimi taraqqiy etgan. Shoshilinch ravishda «Urengoy — Pomari — Ujgorod» gaz quvuri ishga tushirilgan.
1991 yildan keyin Belarus va Polsha orqali o‘tgan yangi “Yamal-Yevropa” gaz yo‘li bitdi.
2005 yil oxiriga kelib, Moskva va Kiyev o‘rtasida gaz masalasida kelishmovchilik paydo bo‘ldi. Oqibatda Ukrainaga gaz umuman berilmaydigan bo‘ldi.
So‘ngra Germaniyaga bir yilda 55 milliard kub/metr gaz yetkazib beradigan “Shimoliy oqim” va Bolgariya portiga yetib boradigan “Janubiy oqim” g‘oyalari ishlab chiqildi. Birinchi loyiha 2011 yil ishga tushirildi, ikkinchi loyiha esa 2014 yildagi Qrim muammosi tufayli to‘xtadi.
Shundan keyin “Shimoliy oqim-2” loyihasi o‘ylab topildi. Mazkur gaz quvuri Ukrainani chetlab o‘tgani uchun YeIning qarshiligiga uchradi, ustiga ustak AQSH sanksiyasi joriy etildi...
Yarim yildirki, “Shimoliy oqim” taqdiri noma’lum, quvur portlashi bilan bog‘liq tergov haqida ham biror tuzuk-quruq gap yo‘q, hanuz.
Gaz bor ekan, muammo ham mavjud. Yechim esa turli holatlarga bog‘liq...
Bugungcha shu!
Kelasi jumada xabarlashguncha!
Abror G‘ulomov,
O‘zA siyosiy sharhlovchisi