Bokschilarimizning zafarli odimlari
Joriy yilning 19-24 aprel kunlari Sankt-Peterburg shahrida boks bo‘yicha o‘tgan «Gubernator kubogi» musobaqasida 4 ta oltin, 1 tadan kumush hamda bronza medalini qo‘lga kiritgan bokschilarimiz Toshkentga qaytib keldi.
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida muzaffar sportchilarimizni davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, sportchilar, olimpiadachilarning ota-onalari, jurnalistlar tantanali kutib oldi.
Sankt-Peterburg shahrida o‘tgan mazkur musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi sharafini himoya qilgan Nodirjon Mirzahmedov, Shahobiddin Zoirov, Mirazizbek Mirzaxalilov va Bahodir Jalolov barcha raqiblarini yengib, o‘z vazn toifalarida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, umidli bokschimiz finalga qadar muvaffaqiyatli ishtirok etgan Abdumalik Xalakov kumush, Bobousmon Baturov esa bronza medali bilan taqdirlandi.
Keskin va murosasiz bellashuvlarda zafar quchgan charm qo‘lqop ustalarimizning mardligi, jasorati, shijoatu matonati dunyo ahlini lol qoldirdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Zero, ularning bunday yuksak muvaffaqiyati mamlakatimizda o‘sib kelayotgan yosh avlodning har tomonlama sog‘lom va barkamol insonlar bo‘lib voyaga yetishi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar tufaylidir.
– Boks bo‘yicha so‘nggi yillarda o‘tayotgan musobaqalarda yuqori natijalarni qo‘lga kiritib, Vatanimizga yorug‘ yuz bilan qaytib kelayotganimizdan baxtiyormiz, – deydi boks bo‘yicha jahon chempioni Bahodir Jalolov. – Sportni rivojlantirish, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishimiz, xalqaro maydonlarda yuksak g‘alabalarga erishishimizga qaratayotgan doimiy e’tibor va g‘amxo‘rligi uchun Prezidentimizdan behad minnatdormiz. Nasib qilsa, «Tokio-2020» Olimpiadasida ham yorqin g‘alabalarni qo‘lga kiritamiz.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA