Bokschilarimizning Litvadagi muvaffaqiyati
Litva poytaxti Vilnyus shahrida boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasida xalqaro turnir o‘tkazildi.
Litva poytaxti Vilnyus shahrida boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasida xalqaro turnir o‘tkazildi.O‘ninchi bor tashkil etilgan musobaqada mamlakatimiz sharafini himoya qilgan to‘rt nafar yosh bokschimiz g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi.
Vazni 60 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasidagi bahsda hamyurtimiz Bobomirzo Tolibov polshalik Karol Koval, litvalik Eduardas Strelkiunas, ukrainalik Yevgen Lenkovskiy, final bahsida vengriyalik Richard Kovachni yengib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
Og‘irligi 64 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar musobaqasida ishtirok etgan sportchimiz Iqboljon Xoldorov rossiyalik Vyacheslav Drobniy, litvalik Xaroldas Sabunas, ukrainalik Vladimir Muzalev, hal qiluvchi bahsda vengriyalik Mark Kontrets ustidan g‘alaba qozonib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.
91 kilogrammgacha vazn toifasida ringga chiqqan Obidjon Tohirov chexiyalik Jiri Xavel, litvalik Tomas Olberkis, polshalik Machiyej Jurakovskiy, finalda mezbon bokschi Arnoldas Taraskevichiusni mag‘lubiyatga uchratib, turnir g‘olibi bo‘ldi. Vazni 75 kilogrammgacha bo‘lgan sportchilar bahsida esa yana bir hamyurtimiz Kozimbek Mardonov kumush medal bilan taqdirlandi.
Xalqaro turnirda uchta oltin va bitta kumush medalni qo‘lga kiritgan O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.