Bokschilarimiz yurtimizga qaytib keldi
Rossiyaning Xabarovsk shahrida 11-15 may kunlari boks bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro turnirda O‘zbekiston terma jamoasi munosib ishtirok etib, yakunda 4 ta oltin, 1 ta kumush va 3 ta bronza, jami 8 ta medalni qo‘lga kiritdi.
Bokschilarimizni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida sport jamoatchiligi, mamlakatimiz boks federatsiyasi a’zolari, sportchilarning oila a’zolari tantanali kutib oldi.
Mamlakatimizda sport, jumladan, boksni rivojlantirish, yoshlarni sog‘lom turmush tarziga jalb etish, ular o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, buning uchun keng imkoniyat, zarur sharoitlarni yaratishga doimiy e’tibor qaratilmoqda. Pirovardida jismonan va ma’nan sog‘lom, jahon arenalarida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishga qodir sportchilar tarbiyalanmoqda.
Mazkur xalqaro turnirda dunyoning 20 ga yaqin mamlakatidan 150 nafarga yaqin charm qo‘lqop ustalari bahs olib bordi. Unda terma jamoamiz safida Mironshox Ibragimov, Xurshid Rasuljonov, Mujibillo Tursunov va Lazizbek Mullajonov o‘z vazn toifasida mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy egalladi. Shuningdek, musobaqada vakillarimizdan Madiyar Saidrahimov kumush, Sohib Sodiqjonov, Jahongir Rahmonov hamda Suhrob Qayumov bronza medali bilan taqdirlandi.
– Musobaqada yuqori natijalarni qo‘lga kiritib, Vatanimizga yorug‘ yuz bilan qaytib kelganimizdan baxtiyormiz, – deydi oltin medal sohibi L.Mullajonov. – Turnirda 91 kilogrammdan ortiq vazn toifasida ishtirok etdim. Barcha janglar o‘ziga yarasha qiyin kechdi. Oltin medal uchun o‘tgan bahsda misrlik Mustafo Uosriga qarshi jang o‘tkazdim va murabbiylarimning to‘g‘ri ko‘rsatmalari natijasida musobaqa chempioniga aylandim. Kelgusida boks bo‘yicha jahon va qit’a chempionatlari, Olimpiya va Osiyo o‘yinlarida g‘alaba qozonishni maqsad qilganman.
Bugun bokschilarimizning g‘alabasi barchamizni quvontirmoqda. Ushbu g‘alabalar zamirida boksga qaratilayotgan ulkan e’tibor yotibdi.
Javohir TOSHXO‘JAEV, O‘zA