Bokschi qizlarimiz Ostonada jang qiladi
Qozog‘istonning Ostona shahrida boks bo‘yicha “World Boxing” tashkiloti kubogi boshlandi. Musobaqada dunyoning 29 davlatidan kelgan jami 250 nafar bokschi medallar uchun ringga ko‘tariladi.
Qozog‘istonning Ostona shahrida boks bo‘yicha “World Boxing” tashkiloti kubogi boshlandi. Musobaqada dunyoning 29 davlatidan kelgan jami 250 nafar bokschi medallar uchun ringga ko‘tariladi.
Quvonarlisi, ushbu musobaqaning ayollar o‘rtasidagi bellashuvlarida Elshod Rasulov boshchiligidagi O‘zbekiston ayollar terma jamoasi ham ishtirok etadi. Biroq O‘zbekiston boks federatsiyasi qaroriga ko‘ra, musobaqada erkaklar terma jamoamiz qatnashmaydi.
Musobaqaning bugungi bellashuvlarida quyidagi ikki nafar vakilamiz ringga ko‘tariladi:
-51 kg: Sabina Boboqulova – Kelsey Oakley (Angliya);
-60 kg: Sitora Turdibekova – Gizem Ozer (Turkiya).
Eslatib o‘tamiz, “World Boxing” tashkiloti kubogi final janglari 5-6 iyul kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bugungi bellashuvlar esa mamlakatimiz vaqti bilan soat 14:00da boshlanadi.
Ma’lumot o‘rnida: joriy yilning 31 martidan 5 apreliga qadar Braziliyaning Fos-du-Iguasu shahrida o‘tkazilgan "World Boxing" tashkiloti kubogining birinchi bosqichida To‘lqin Qilichev boshchiligidagi O‘zbekiston terma jamoasi 5 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bironza medaliga ega chiqqan bo‘lsa, Polshaning Varshava shahrida o‘tgan ushbu musobaqaning ikkinchi bosqichida 6 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan edi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA