Boks: Yoshlar Kostanayda zafar quchdi
Qozog‘istonning Kostanay shahrida boks bo‘yicha yakunlangan yoshlar o‘rtasidagi XXII xalqaro turnir mamlakatimiz sportchilari uchun omadli kechdi.
Hamyurtlarimiz xalqaro musobaqada Iroq, Yaman, Pokiston, Polsha, Tojikiston, Qirg‘iziston va mezbon Qozog‘istonning 120 nafar iste’dodli bokschilari bilan o‘tkazgan janglar yakuniga ko‘ra, umumiy hisobda 14 ta medalni qo‘lga kiritdi. Shundan 2 ta oltin, 5 ta kumush hamda 7 ta bronza medallari.
Terma jamoamiz a’zolaridan Suhrob Aminov va Abdulaziz Abdurahmonov oltin medalga ega chiqqan bo‘lsa, Javohir Ummataliyev, Fazliddin Erkinboyev, Alisher Ayubov, Aynazar Kenesbayev, Rahmatillo Boymatovlar kumush, Miralijon Mavlonov, Abduvali Bo‘riboyev, Zabardast Hayotov, Husan Turdaliyev, Aman Konsbekov, To‘rabek Habibullayev va Muhammadjon Fayzullayev o‘z vaznlarida bronza medallariga sazovor bo‘ldi.
Joriy yilning 5-20 noyabr kunlari Ispaniyaning La-Nusiya-Benidorm shahrida yoshlar o‘rtasida o‘tadigan jahon chempionatiga tayyorgarlik vazifasini o‘tagan musobaqada o‘zbekistonlik yosh referi Qahramon Karimov xalqaro turnirning eng yaxshi hakami sifatida e’tirof etildi.
Kostanayda muvaffaqiyatga erishgan iste’dodli bokschilarimiz bugun O‘zbekistonga qaytib kelishadi.
Shuningdek, shu kunlarda boks bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari Quvaytning Al-Quvayt shahrida boks bo‘yicha kattalar o‘rtasida “1-Quvayt xalqaro boks turniri”da ishtirok etishga hozirlanmoqda.
Dunyoning 20 ga yaqin mamlakat vakillari ishtirok etishi kutilayotgan turnirda Rahmatjon Ro‘zioxunov yetakchiligidagi 7 nafar bokschimiz o‘z vaznlarida g‘oliblik uchun jang olib boradi.
Ular safida yoshlar olimpiadasi g‘olibi Abdumalik Halakov, jahon chempionati sovrindori Dilshod Ro‘zmetov kabi tajribali sportchilar bilan bir qator yoshlar ham Quvayt ringida mahoratini namoyish etishadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA