Boks: Osiyo chempionati kutilgan va kutilmagan natijalarga boy o‘tmoqda
Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Batorda Asian Boxing tashkiloti tomonidan kattalar o‘rtasida o‘tkazilayotgan Osiyo chempionatining ortda qolgan uchinchi kungi bahslari kutilgan va kutilmagan natijalarga boy bo‘ldi.
Bugun, 1-aprel kuni o‘tkazilgan saralash janglarida ringga ko‘tarilgan Asilbek Jalilov -50 kilogramm og‘irlikda yaponiyalik Daichi Ivaiga 1:4 hisobida imkoniyatni boy berishi kutilmagan natija sifatida yodda qoladigan bo‘ldi.

Qit’a birinchiligining -60 kilo og‘irligida terma jamoamiz a’zosi Abdurahmon Mahmudjonov kutilganidek xitoylik Xinlin Chenni 5:0 hisobida mag‘lub etdi.
Ertaga qit’a birinchiligining to‘rtinchi kunida 3 nafar bokschimiz chorak final janglarida qatnashadi.

Jumladan, -65 kilogrammda Abdulloh Madaminov singapurlik Kayelan Klark bilan, -80 kiloda Fazliddin Erkinboyev qirg‘izistonlik Sag‘in Satibaldi Uulu bilan, +90 kilo og‘irlikda Arman Maxanov mo‘g‘ulistonlik Beknur Xali bilan ro‘baro‘ keladi.
Aytish lozim, to‘rtinchi kungi janglar oldidan O‘zbekiston erkaklar va ayollar terma jamoasi a’zolarining 3 nafari ilk janglarda imkoniyatni boy bergan bo‘lsa, 2 nafari saralashni muvaffaqiyatli o‘tkazdi.
21 ta davlatning mahoratli charm qo‘lqop ustalari ishtirok etayotgan qit’a chempionati 10-aprelga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA