Bo‘ka tumanining nomi qanday ma’noni anglatadi?
Vatanimiz tarixidagi 18 may sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1906 yil (bundan 115 yil oldin) – Turkiston general-gubernatori Dean Subbotich Turkiston shahrida joylashgan Ahmad Yassaviy masjidini ta’mirlash uchun zarur mablag‘ ajratishga yordam berishni so‘rab, Imperator arxeologiya hay’atiga murojaat qildi. Biroq uch oydan so‘ng uning o‘rnini Nikolay Grodekov egalladi. Imperator Arxeologiya hay’atining raisi graf A. Bobrinskiy Turkiston general-gubernatori vazifasini bajaruvchisi N. Grodekovga 1906 yil 14 dekabrda yozgan xatida sobiq Turkiston general-gubernatorning iltimosi bo‘yicha quyidagilarni qayd etadi:
“Mutaxassislarning hisob-kitobiga ko‘ra bu ish uchun 40–50 ming so‘m talab qilinadi. O‘z byudjetida qadimgi buyumlarni ta’mirlash uchun yetarli mablag‘ bo‘lmaganligi sababli Imperator arxeologiya hay’ati badiiy akademiya, Ichki ishlar vazirligi va boshqa bu masalaga manfaatdor tashkilotlar bilan birga ilmiy asosda ta’mirlash masalasini muhokama qilishi mumkin, lekin masjidni ta’mirlashga moddiy yordam ko‘rsata olmaydi. Albatta, hay’at ta’mirlash uchun zarur miqdordagi pulni so‘rab hukumatga murojaat qilishi mumkin, ammo hozirgi vaqtda bunday iltimosning muvaffaqiyatli hal bo‘lishiga hech qanday umid yo‘q”.
1943 yil (bundan 78 yil oldin) – Toshkent viloyatidagi Bo‘ka, Samarqand viloyatidagi Ishtixon tumanlari tashkil etildi. Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, bo‘ka nomi ayrim toponimistlarning fikricha, turkiy xalqlarning bir urug‘i bo‘ka (bo‘ke) nomidan olingan deb taxmin qilinadi. Bundan tashqari turkiychada “zo‘r”, “kuchli”, “pahlavon” ma’nolarini anglatuvchi bo‘ka so‘zi tarixda turli an’anaviy bayram va tantanali marosimlar chog‘ida o‘tkaziladigan pahlavonlar musobaqasida qatnashuvchi kurashchi, polvon ma’nolarini ham anglatadi.
1992 yil (bundan 29 yil oldin) – Surxondaryo viloyatidagi Bandixon tumani tashkil etildi. Tuman hududida bir qancha qadimgi qo‘rg‘on qoldiqlari topilgan. Bulardan eng yirigi miloddan avvalgi ikkinchi – birinchi asrlarga oid Bandixon qo‘rg‘oni hisoblanadi. U arxeologlar tomonidan 1973 yilda aniqlangan.
1993 yil (bundan 28 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vena konvensiyasi va Monreal protokolida o‘zining ishtiroki bo‘yicha huquq va majburiyatlarini tasdiqladi va mazkur hujjatlarga qo‘shilishdan kelib chiquvchi majburiyatlarni o‘z bo‘yniga oldi.
Tarixchi Sherali Allaberganovning qayd etishicha, O‘zbekiston Vena konvensiyasi va Monreal protokoli doirasida belgilangan majburiyatlarni bajargan bo‘lib, 99,9 foiz azon qatlamini yemiruvchi moddalar muomaladan chiqarilgan. Bu Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ozonni muhofaza qilish kotibiyati tomonidan alohida e’tirof etilgan.
2017 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoni, “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”, “Toshkent shahrida kichik sanoat zonalarini tashkil etish to‘g‘risida” qarorlari qabul qilindi.
2018 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro folklor musiqa festivalini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2019 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Raqamli iqtisodiyot va “Elektron hukumat” tizimi infratuzilmalarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi