Bojxonada tadbirkorlar uchun 3 ta katta yengillik: endi import va eksport ancha osonlashdi
Mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlarga keng imkoniyat va imtiyozlar berish, bu borada bojxona tartiblarini soddalashtirish bo‘yicha bir qator islohotlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu yo‘nalishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 27-avgust kuni qabul qilingan “Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish va bojxona ma’murchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida ko‘zda tutilgan tartib-qoidalar alohida ahamiyatga ega.
— Mazkur farmon hamda “Yangi O‘zbekiston bojxonasi – 2030” strategiyasi doirasida bojxona tizimini raqamlashtirish, inson omilisiz rasmiylashtirish ko‘lamini kengaytirish va xizmatlar sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda, — deydi O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari N.Musamuhamedov. — Xususan, 2030-yilga qadar raqamli texnologiyalarni rivojlantirish orqali inson omilisiz bojxona rasmiylashtiruvi ko‘lamini 60 foizga, bojxona tushumlarining yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 4,4 foizga yetkazish nazarda tutilgan. Shuningdek, bojxona rasmiylashtiruvi vaqtini ikki barobarga qisqartirish, bojxona xizmatlari sifatini yaxshilash va tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarining bojxona organlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash asosiy maqsadlar qilib belgilangan.

Shuningdek, farmonda tadbirkorlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida invoys asosida importda oldindan to‘lov qilish imkoniyati yaratildi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, invoys asosida tovar yoki uskuna import qilishda avval tovar respublikaga olib kirilishi, so‘ng to‘lov o‘tkazilishi mumkin edi. Masalan, invoys asosida 20 ming dollarlik tovar import qilish uchun avval tovar kelishi kerak edi, keyin banklar pul chiqarar edi. Xorijiy yetkazib beruvchilar esa odatda to‘lovsiz tovar yuborishni xohlashmasdi.
2026-yil 1-sentabrdan boshlab endilikda shartnoma tuzishga vaqt sarflamasdan, yagona invoys hujjati asosida tovar import qilinguniga qadar ham xorijiy hamkorga bemalol oldindan to‘lovni amalga oshirish imkoniyati yaratildi.
Bundan tashqari, yana bir qulaylik — invoys asosida eksport qilishda 50 foiz tushum talabi bekor qilindi. Ya’ni, amalda invoys asosida eksport qilish uchun avval kamida 50 foiz oldindan valyuta tushumini ta’minlash talab etilar edi. Masalan, 200 million so‘mlik tovar uchun 100 million so‘m oldindan to‘lanishi shart edi. Ko‘p holatlarda xorijiy hamkorlar tovarni ko‘rmasdan pul to‘lashni xohlamaydi. Bu esa kichik biznes sub’ektlarining xorijiy bozorlarga chiqishini cheklab qo‘yar edi. Endilikda esa 50 foizlik oldindan to‘lov talabi bekor qilindi. Tadbirkorlarimiz mahsulotlarini invoys asosida xorijga bo‘lib to‘lash (qarzga sotish) sharti bilan ham eksport qilishlari mumkin. Bu esa elektron tijorat va kichik eksport hajmini keskin oshiradi.
Yana bir yangilik — milliy valyutada qarzga eksport qilishga ruxsat berildi. Avval tovarlarni milliy valyutada eksport qilish uchun albatta, oldindan to‘lov yoki bank kafolati, akkreditiv yoxud sug‘urta polisi kabi kafolatli shakllarni taqdim etish talab etilar edi. Endi esa milliy valyutada eksport qilishda oldindan to‘lovni ta’minlash yoki to‘lovning kafolatli shakllarini taqdim etish talablari to‘liq bekor qilindi, — deydi N.Musamuhamedov.
Darhaqiqat, so‘nggi yillarda bojxona sohasida ochiqlik, shaffoflik hamda ishonchlilikni ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar doirasida tadbirkorlarga keng qulayliklar yaratilmoqda. Yuqorida qayd etilgan amaliy choralar ham tashqi iqtisodiy faoliyatda tezkorlik, qulaylik va samaradorlikni oshiradi, ovoragarchiliklarni kamaytiradi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA