Bojxonada ochiqlik va ishonch ustuvor
Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, tashqi iqtisodiy faoliyat uchun qulay sharoitlar yaratish va investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Bu jarayonda bojxona tizimi faqat nazorat qiluvchi emas, balki biznesning ishonchli hamkori sifatida faoliyat yuritmoqda. Xususan, Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan tadbirkorlar bilan muntazam tashkil etilayotgan ochiq muloqotlar, infratuzilmani modernizatsiya qilish va raqamli xizmatlarni kengaytirish ana shu maqsadlarga xizmat qilmoqda.

Boshqarma tomonidan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari bilan o‘tkazilayotgan uchrashuvlarda bojxona rasmiylashtiruvi, eksport-import operatsiyalari, logistika, imtiyozlarni qo‘llash, yuklarni chegara orqali tezkor o‘tkazish bilan bog‘liq dolzarb masalalar muhokama qilinib, tadbirkorlar takliflari asosida aniq chora-tadbirlar belgilanmoqda.

Bunday ochiq muloqotlar o‘zining amaliy samarasini iqtisodiy ko‘rsatkichlarda ham namoyon etmoqda. Joriy yil boshidan bugungacha viloyat bojxona boshqarmasi tomonidan 7,6 trillion so‘mlik bojxona to‘lovlari hisoblandi. Shundan 2,7 trillion so‘mi tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida imtiyoz sifatida taqdim etildi. Natijada davlat byudjetiga 4,9 trillion so‘m mablag‘ o‘tkazilishi ta’minlandi. Bu raqamlar davlat tomonidan biznesni rag‘batlantirish hamda byudjet barqarorligini ta’minlash vazifalari o‘zaro uyg‘unlikda amalga oshirilayotganini ko‘rsatadi. Tadbirkorlar murojaatlari asosida chegara-bojxona postlarida xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, yuklar va yo‘lovchilar harakatini tezlashtirishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Xususan, rekonstruksiya qilingan "Navoiy" chegara-bojxona postida zamonaviy kutish zallari, transport vositalari uchun alohida harakat yo‘laklari tashkil etilib, postning o‘tkazuvchanlik quvvati bir necha barobar oshirildi. Endi bu yerda bir sutka davomida 15–20 ming nafargacha yo‘lovchi va 600–1000 ta yengil avtotransport vositasiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati mavjud. "Yallama" chegara-bojxona posti hududida barpo etilgan zamonaviy bojxona terminali ham tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun muhim logistika markaziga aylandi. Bu yerda barcha davlat nazorati xizmatlarining "Yagona darcha" tamoyili asosida yo‘lga qo‘yilgani, keng avtoturargoh, omborlar, zamonaviy rasmiylashtiruv zallari va servis infratuzilmasining mavjudligi yuklarni tezkor rasmiylashtirish va tadbirkorlar xarajatlarini qisqartirish imkonini bermoqda.

Shuningdek, chegara o‘tkazish punktlarida "Elektron navbat" tizimining joriy etilishi va yo‘lbo‘yi servis infratuzilmasining rivojlantirilishi tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun yanada katta qulayliklar yaratmoqda. Eksportni rag‘batlantirish borasida ham amaliy ishlar izchil davom etmoqda. Boshqarma mutaxassislari ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan doimiy muloqot qilib, mahsulotlarni qayta ishlash orqali yuqori qo‘shimcha qiymat yaratish, eksport hajmini oshirish hamda xorijiy investitsiyalardan samarali foydalanish yuzasidan amaliy ko‘mak ko‘rsatmoqda. Buning yorqin misoli sifatida "bojxona hududida qayta ishlash" rejimi natijalarini keltirish mumkin. Joriy yil boshidan beri ushbu rejimga qiymati 360 million AQSH dollariga teng import xom ashyosi joylashtirilib, qayta ishlash natijasida 148 million AQSH dollarilik tayyor mahsulotlar eksport qilindi.
Bu mamlakatimizda yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish va eksport geografiyasini kengaytirishga xizmat qilmoqda. Muhimi, Toshkent viloyati bojxona boshqarmasida tadbirkorlar murojaatlari rasmiy tartib-taomil sifatida emas, balki islohotlarni yanada takomillashtirishga xizmat qiladigan amaliy taklif sifatida baholanmoqda. Ana shunday yondashuv bojxona tizimi samaradorligini oshirish, tadbirkorlar ishonchini mustahkamlash va mamlakat iqtisodiyotining barqaror o‘sishiga munosib hissa qo‘shishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
A. Musayev, O‘zA.