Bojxonachilar ko‘magidan tadbirkor minnatdor
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i Bahodir Qutlimuratov boshchiligidagi mutasaddilardan tarkib topgan guruh Qorovulbozor tumanida sayyor qabul o‘tkazdi.
Dastlab mutasaddilar tumandagi “Buxara real moto” MCHJ korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Korxona “Lochin” brendi ostida uch g‘ildirakli yuk tashishga mo‘ljallangan mototsikllar, motokultivatorlar va kvadratsikllar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. 2016 yilda ish boshlagan korxona va bojxona organlari o‘rtasida hamkorlik yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.

– Xorijiy davlatlardan keltirilayotgan texnologik asbob-uskunalarning barchasi bojxona xodimlarining tegishli tavsiyalari asosida bojxona to‘lovlaridan imtiyoz qo‘llanilgan holda import qilinmoqda, – deydi korxona rahbari Sohib Sulaymonov. – Raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, korxonamizga 2022 yilning o‘tgan davrida 10 million 21 ming AQSH dollari qiymatidagi tovarlar importi amalga oshirilgan. Natijada 325 million 972 ming so‘m miqdorida bojxona to‘lovlaridan imtiyoz qo‘llanilgan. Ayni damda korxonada ishlab chiqarilgan mototsikl, motokultivator va kvadratsikllar ichki bozorda sotilmoqda.

Uchrashuvda korxona rahbari, bojxona organlari bilan hamkorlikda hech qanday muammolarga duch kelmayotganligini ta’kidladi. Ayni damda 210 kishi ishlayotgan korxonada yana 30 ta doimiy ish o‘rni yaratilishini qayd etdi.
Viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘i Bahodir Qutlimuratov tomonidan bojxona ishi bilan bog‘liq qanday masalada amaliy yordam kerakligi so‘ralganda, tadbirkor chegara bojxona postidan kirishda qizil yo‘lakka yo‘naltirilgan transport vositalarini manzil bojxona postida bir marta ko‘rikdan o‘tkazish taklifini berdi. Mazkur taklifga soha mutaxassislari tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 24 avgustdagi qaroriga asosan tadbirkor “vakolatli iqtisodiy operator” maqomini olgan taqdirda bojxona rasmiylashtiruv jarayonida yanada yengilliklar berilishi tushuntirildi.

Sayyor uchrashuv mas’ullari qurilishda foydalaniladigan sement mahsuloti ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Bukhara euro cement” MCHJ bo‘lishdi. Umumiy yer maydoni 20 gektarni tashkil etadigan korxonaning loyiha qiymati 29 million AQSH dollariga teng. Hozirda qurilish montaj ishlari amalga oshirilayotgan korxona to‘liq quvvatda ishlasa 200 kishi doimiy ish bilan ta’minlanadi. Korxona mas’ullari ham bojxona organlari bilan doimiy hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Hukumatimizning tadbirkorlik sub’ektlariga qaratayotgan e’tiboridan samarali foydalanib kelmoqda. Birgina joriy yilda 497 ming AQSH dollari qiymatidagi tovarlar import qilingan. 1 milliard 311 million so‘m miqdorida bojxona to‘lovlaridan imtiyoz qo‘llanilgan.
Sayyor tashrif davomida mutasaddilar korxona faoliyati bilan yaqindan tanishib, tadbirkorning muammolarini o‘rgandi.
Zarif Komilov,
O‘zA