Bojxonachilar hushyorlik qildi
Mamlakatimizda giyohvandlik moddalari savdosi va uning iste’moliga qarshi keskin kurash olib borilmoqda. Lekin shunga qaramay, o‘zining moddiy manfaatini boshqalar hayotidan ustun qo‘yadigan ayrim kimsalarning zahri qotilni yurtimizga qing‘ir yo‘llar bilan olib kirishga urinishlari hamon uchrab turibdi.
Jizzax viloyati bojxona boshqarmasi va viloyat davlat xavfsizlik xizmati tezkor xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbirda shubha ostidagi fuqaro ma’lum vaqt kuzatuvga olindi va “shartli xaridor”ga giyohvandlik moddasini 27 million so‘m evaziga sotmoqchi bo‘lgan vaqtda ushlandi. Mazkur modda ekspertiza xulosasidan o‘tkazilganida og‘irligi 80,29 grammni tashkil etuvchi “gashish” giyohvandlik moddasi ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, G‘allaorol tumanida ham shunday holat aniqlandi. Samarqand – Jizzax yo‘nalishida harakatlangan “Lasetti” rusumli avtotransport vositasi belgilangan tartibda to‘xtatildi. Tezkor tadbirda “Lasetti” avtomashinasidagi yo‘lovchi fuqaro va unga tegishli yuklar xolislar ishtirokida ko‘rikdan o‘tkazildi. Ushbu jarayonda gumonlanuvchi o‘z ixtiyori bilan cho‘ntagidagi qora rangli polietilen paketga o‘ralgan, alohida bo‘laklarga ajratilgan, jami og‘irligi 105 gramm “opiy” giyohvandlik vositasiga o‘xshash moddani xodimlarga taqdim etdi.
Hozir ushbu holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri